17:40 / 18.08.2015
4846

Eskpert o‘g‘ri va qalloblarning uylarga kirib olish usullari haqida gapirib berdi

O‘g‘ri va talonchilar, firibgarlar birovlarning uylariga aldov yo‘li bilan kirib olib, o‘z kirdikorlarini amalga oshirmoqda. Ularning nayranglaridan bexabar odamlar esa qalloblarga o‘z qo‘llari bilan eshiklarini ochib bermoqda.

Huquq-tartibot xodimi G. Georgiyevning fikricha, fuqarolar firibgarlarning qanday usullardan foydalanib o‘z jinoyatlarini amalga oshirishini yaxshi bilib olishlari ularning o‘z xavfsizligini ta'minlashiga yordam beradi. Shu maqsadda u “Na postu” gazetasida e'lon qilingan maqolasida mana shunday usullar haqida misollar bilan hikoya qilib berdi.

Aytilishicha, o‘g‘rilar ko‘pgina hollarda “mahalla faoli”, “maishiy xizmatlar xodimi” niqobi ostida o‘zlari mo‘ljalga olgan uylarga kirib olishadi. Jumladan, yaqinda fuqaro Shoira Mahkamovna Qo‘ziyeva ana shunday holatga duch keldi. O‘zini O‘ktam deb tanishtirgan yigit “mahalla faoliman” deya uning xonadoniga kirgan va mahalla tomonidan nafaqaxo‘r ayolga 5 l yog‘ bepul berilayotganini aytgan. Gap orasida u ayoldan suv so‘ragan. Qo‘ziyeva oshxonaga kirib ketganidan foydalanib, uyning shkaf ichida saqlanayotgan moddiy qimmatliklarini o‘marib ketgan.

Bundan tashqari, o‘zini bashoratchi va folbin deb ko‘rsatadigan ayollar yolg‘iz qolgan uy bekalarani avrab, ularning tilla buyumlarini olib qo‘ymoqda. Fuqaro Violetta Babayants erini kutib o‘tirganida uning xonadoniga ana shunday “folbin” tashrif buyurib, “baxtidan ochish”ni taklif qildi. U ayolni yolg‘on-yashiq “bashorat”lar bilan aldab, uydagi barcha tilla buyumlar va 8 ming dollar pulni olib ketdi.

1930 yili tug‘ilgan nafaqaxo‘r Mixail Sergeyevich Rijovning qismati esa yanada fojialiroq bo‘ldi. Nuroniy uzoq yillardan buyon ateroskleroz bilan kurashib kelayotgan edi. Bir kuni o‘zini Ra'no G‘afurovna deb tanishtirgan ayol uning xonadoniga “mahalla shifokori” sifatida tashrif buyurib, erkakning sog‘lig‘ini tekshirganday bo‘ldi. So‘ng uningi tomiriga uyqu dori yuborib, uxlatib qo‘ydi va uydan topgan barcha qimmatliklarni o‘g‘irlab ketdi. Ammo Rijov tomiriga me'yoridan ortiq miqdorda klofelin yuborilgani bois olamdan o‘tdi.

Top