Jamiyat | 21:51 / 18.08.2015
4007
3 daqiqa o‘qiladi

Moskvada go‘yoki “qog‘ozni dollarga aylantiruvchi” suyuqlikni sotish bilan shug‘ullangan afrikaliklar qo‘lga olindi

Moskvada qora qog‘ozni 100 dollar qog‘oz pulga aylantira oladigan “sehrli” suyuqlikni sotgan ikki nafar afrikalik erkak qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda Moskva politsiyasiga iqtibos keltirgan holda Interfaks axborot agentligi.

“Biroz avval Moskvaning Janubi-sharqiy okrugi ichki ishlar boshqarmasining jinoyat qidiruv bo‘limiga Moskva va Moskva viloyati hududida fuqarolarga qog‘oz pullar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishni taklif qilgan uyushgan guruh faoliyat yuritayotgani haqida axborot kelib tushgan”, deb aytdi ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi.

Politsiya xodimlarining aytishicha, gumonlanuvchilar xohlovchilarga maxsus suyuqlik bilan ishlangandan keyin 100 AQSh dollari qog‘oz puliga aylanadigan qora qog‘oz taklif qilishgan.

Gumonlanuvchilar firib paytida butun boshli “spektakl” o‘ynashgan: ular jabrlanganlar oldida bitta qora qog‘ozni maxsus kimyoviy tarkib bilan ishlashgan va bungacha haqiqiysiga almashtirib qo‘yilgan 100 dollarlik qog‘oz pulga aylangan banknotaning haqiqiyligini tekshirib ko‘rishni taklif qilishgan. Guruh a'zolari firibgarlikni amalga oshirish vaqtida barmoq izlari qog‘oz pullarga tushmasligi uchun go‘yoki kimyoviy tarkib bug‘lari hayot uchun xavfli ekanini bahona qilib, qo‘llarga qo‘lqop va yuzlariga tibbiy niqoblar taqib olishgan.

Hosil bo‘lgan pullar ayriboshlash shaxobchalari tomonidan muammosiz qabul qilingandan keyin firibgarlar shu yo‘l bilan qora qog‘ozlarni 20 mln dollarga aylantirishni taklif qilishgan. Hattoki jinoyatchilar bir jabrlanuvchidan ushbu ”sehrli tarkib” uchun 5 mln rubl so‘rashgan.

Pullar berilayotgan paytda firibgarlar qo‘lga olindi.

Ular 38 va 43 yoshli kelib chiqishi markaziy afrikalik bo‘lgan shaxslar bo‘lib chiqqan. Politsiya tintuv paytida ularning yonidan o‘lchami qog‘oz pullar bilan bir xil bo‘lgan 57 ta qora qog‘oz pachkasini aniqlashgan. Aslida pachkalarda qora rangga bo‘yalgan oddiy qog‘ozlar bo‘lgan. O‘ta katta miqdorda amalga oshirilgan firibgarlik holati bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish