Jahon | 09:54 / 19.08.2015
4958
2 daqiqa o‘qiladi

16 nafar tinch afg‘onni o‘ldirgan AQSh serjanti hodisaga qadar ham o‘zini nomaqbul tutgan

2012 yilda 16 nafar tinch afg‘onni o‘ldirgan Amerika armiyasi serjanti Robert Beylz fojyeaga qadar ham o‘zining nomaqbul xatti-harakatlari bilan ajralib turgan. Bu haqda AQSh qurolli kuchlarining markaziy qo‘mondonligining 500 sahifali hisobotida ma'lum qilingan.
Harbiy tergovlar jarayonida qo‘mondonlik Beylz fojyeaga qadar ham “o‘zini asoslanmagan zulmkorlikka moyil ekanini ko‘rsatgan”, degan xulosaga keldi. Ushbu ma'lumotni tasdiqlash uchun hisobotda serjant ishtirokida Afg‘onistondagi harbiy xizmati davomida bo‘lib o‘tgan bir qator voqealar keltirilgan. Mudhish qotillikdan bir oy muqaddam o‘z xizmatdoshlari ko‘z o‘ngida mahalliy aholi vakilini kaltaklagan. Uning bo‘linmasidagi yana bir ofitser ham Beylz steroid (kuchli biologik faollikka ega moddalar) qabul qilgan vaqtida o‘zini noadekvat tutganini tasdiqlagan. Barcha hodisalar haqida harbiy baza qo‘mondonligiga ma'lum qilinmagan.
Hisobotda, shuningdek, baza kichik qo‘mondonlik tarkibi “alkogol va steroidlar qabul qilgani, ayrimlari esa afg‘onlarga nisbatan irqiy kamsitish ifodalangan so‘zlarni qo‘llagani” ta'kidlab o‘tilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2012 yil mart oyida Afg‘onistonning Qandahor prointsiyasida AQSh armiyasi serjanti Robert Beylz 16 nafar tinch afg‘on, jumladan, 9 bolani otib tashlagan. Tergov xulosasiga ko‘ra, 2012 yilning 11 mart kuni Beylz avtomat va to‘pponcha bilan qurollangan holda harbiy bazani tark etib, yaqin atrofda joylashgan qishloqdagi uch xonadonga kirib, oila a'zolarini otib tashlagan.
2013 yilda Beylz aybini yuvish huquqidan mahrum qilingan holda umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish