17:46 / 19.08.2015
3877

Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlari o‘rtasida shaxmat musobaqasi bo‘lib o‘tdi

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan bojxona xizmati organlarining shaxsiy tarkibi o‘rtasida shaxmat bo‘yicha navbatdagi musobaqa tashkil qilindi. O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi bilan hamkorlikda uchinchi bor tashkil qilingan mazkur turnir Toshkentdagi Milliy kinologiya markazida bo‘lib o‘tdi.

Ikki kun davom etgan musobaqada Davlat bojxona qo‘mitasining Markaziy apparati, Qoraaqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmalari, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi, Oliy harbiy bojxona instituti va Milliy kinologiya markazining40 gayaqin shaxmat havaskorlarini o‘zida jamlagan 18 ta jamoa 9 ta turda o‘zaro bellashdi.

Ta'kidlash joizki, Xalqaro shaxmat federatsiyasi – FIDe qoidalariga muvofiq, shveysarcha tizim asosida o‘tkazilgan an'anaviy shaxmat turniri qizg‘in va murosasiz kechdi. O‘tgan yilgi turnirda kuchli uchlikdan Davlat bojxona qo‘mitasi Markaziy apparati hamda Qashqadaryo va Andijon viloyati bojxona boshqarmalari jamoalari joy olishgan edi. Bu gal esa 1 o‘rinni Davlat bojxona qo‘mitasi Markaziy apparati o‘zida saqlab qoldi. Keyingi o‘rinlarni esa Surxondaryo va Namangan viloyati bojxona  boshqarmalari jamoalari mos ravishda qo‘lga kiritishdi.

Shaxsiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha o‘tgan yili ham g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Davlat bojxona qo‘mitasi Markaziy apparati jamoasi a'zosi M.Mirboboyev 8.5 ochko bilan chempionlik maqomini o‘zida saqlab qoldi. Musobaqa debyutanti surxondaryolik A.Matkuliyev esa 2 o‘ringa sazovor bo‘ldi. U bilan teng ya'ni 7 ochko jamg‘argan  Davlat bojxona qo‘mitasi Markaziy apparati jamoasi a'zosi Z.Xolmonov esa 3-o‘ringa munosib ko‘rildi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur turnir natijalariga ko‘ra eng yaxshi natijalarni qayd etgan ishgtirokchilar orasidan Davlat bojxona qo‘mitasining terma jamoasi shakllantiriladi. Mazkur jamoa esa “Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyatning XXIV Spartakiadasi taqvimiga muvofiq joriy yilning 8-9 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan shaxmat musobaqasida qo‘mita sharafini himoya qilishadi. Darvoqe, o‘tgan yili Davlat bojxona qo‘mitasi mazkur musobaqada faxrli 2 o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.

G‘oliblarni taqdirlash marosimida musobaqa sovrindorlariga medallar, faxriy yorliklar hamda esdalik sovg‘alari tantanali tarzda topshirildi.

 

 

Top