20:44 / 19.08.2015
3153

"Ochiq eshiklar kuni" Qoraqalpog‘istonda davom etmoqda

Shu kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab o‘rta maxsus ta'lim muassasalarida Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining tashabbusi bilan “Shaxsiy biznesni boshlash uchun ochiq eshiklar kuni” uyushtirilmoqda. O‘y biznesini boshlamoqchi bo‘lgan kasb-xunar kollejlari va akademik litseylar bitiruvchilarini qo‘llab-qo‘vvatlashga qaratilgan mazkur tadbirga tijorat banklari, tuman hokimiyatlari, soliq inspeksiyalari va mahalla qo‘mitalaridan vakillar ham jalb qilinmoqda.

Har bir kollejda turli mayda uskunalar va maishiy texnika namunalari bilan bezatilgan stendlar tashkil etilmoqda. Mazkur stendlarda kichik nonvoyxona, tikuv sexi, fotosalon, tamaddixona, kafe, go‘zallik saloni, avtomobil yuvish shaxobchasi, qurilish va ta'mirlash korxonalarini tashkil etishda kerak bo‘ladigan texnika va anjomlar mavjud. Bularning bari yangi biznes boshlab uchun kerak bo‘ladigan anjomlarni bitiruvchilar shu yerning o‘zida xarid qilishlari uchun qilinmoqda.

Yanada batafsilroq so‘z yuritadigan bo‘lsak, bitiruvchi o‘ziga yaxshi tanish va qadrdon bo‘lgan ta'lim muassasasiga pasport, diplom va albatta, puxta o‘ylagan biznes g‘oyasi bilan kelib, qisqa fursatda o‘z biznesini ro‘yxatdan o‘tkazishi, mehnat daftarchasi, soliq to‘lovchi identifikatsiya raqami (INN), jamg‘arilib boriladigan pensiya jamg‘armasi hisob raqami (INPS) ga ega bo‘lishi va eng muhimi, tijorat banklaridan atigi 3 dan 9% gacha bo‘lgan uch yillik kreditni ham qo‘lga kiritishi mumkin.

Tasdiqlangan rejaga ko‘ra “Shaxsiy biznes boshlash uchun ochiq eshiklar kuni” Qoraqalpog‘iston Respublikasida quyidagi sanalarda o‘tkaziladi:

20 avgust – Korao‘zyak va Taxtako‘pir tumanlarida;
21 avgust – Xo‘jayli va Qonliko‘l tumanlarida;
22 avgust – Shumanoy va Qo‘ng‘irot tumanlarida;
24 avgust – Nukus shahri va Mo‘ynoq tumanida;

Ochiq eshiklar kunlari soat 9:00 dan 17:00 ga qadar davom etadi.

Top