Sport | 12:15 / 19.08.2015
3393
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning eng yaxshi kurashchilari Las-Vegasdagi JChda ishtirok etishadi

Erkin, yunon-rim va ayollar kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari bosh murabbiylari shu yilning 7-12 sentabr kunlari AQShning Las-Vegas shahrida o‘tkaziladigan jahon chempionatida ishtirok etadigan terma jamoalar tarkibini e'lon qildi.

Unga ko‘ra okean ortiga yo‘l oladigan terma jamoalar tarkibidan 7 nafar yunon-rim kurashchilari, 5 nafar erkin kurashchilar hamda 2 nafar xotin-qizlar kurashi vakillari o‘rin egallashgan.

Mazkur jahon chempionati 2016 yili Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanmalar o‘ynaladigan dastlabki musobaqa hisoblanadi.

2013 yili kiritilgan yangi qoidalarga ko‘ra erkin kurash bo‘yicha -57, -65, -74, -86, -97 va -125 kg. vazn toifalarida, yunon-rim kurashi bo‘yicha -59, -66, -75, -85, -98, -130 kg. vazn toifasida va nihoyat ayollar kurashi -48, -53, -58, -63, -69, -75 kg. vaznda Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari o‘ynaladi. Har bir vazn toifasida 1-6 o‘rinlarni egallagan sportchilar kelasi yili Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishadi.

Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasiga ega bo‘la olmagan sportchilar qit'aviy turnirlarda (1-2 o‘rin egallari) hamda dunyo saralash turnirida (dastlabkisi 2016 yilning aprel oyida Ulan-Bator shahrida, ikkinchi turnir esa 2016 yilning may oyida Istanbul shahrida o‘tkaziladi) ega bo‘lishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, qit'aviy chempionatlarda Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari o‘ynalmaydi.

Quyida, jahon chempionatida O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan terma jamoalar tarkibi berilgan:

Yunon-rim kurashi: Elmurat Tasmuradov (-59 kg), Aleksandr Loxov (-66 kg), Nurbek Xolmuhammatov (-71 kg), Nurbek Xoshimbekov (-75 kg), Besiki Soldadze (-80 kg), Rustam Assakalov (-85 kg), Jahongir Turdiyev (-98 kg). Murabbiylar: Kamil Fatkullin, Rustam Qudratov.

Erkin kurash: Mahmudjon Shavkatov (-57 kg), Ixtiyor Navruzov (-65 kg), Bekzod Abdurahmanov (-70 kg), Rashid Qurbonov (-74 kg), Umidjon Ismanov (-86 kg). Murabbiylar: Aleksandr Nedorezov, Ubaydulla Toirov.

Ayollar kurashi: Dauletbike Yaxshimuratova (-48 kg), Zuhra Mustanova (-53 kg). Murabbiy: Axmet Kagarmanov.

Jahon chempionati hakamlari tarkibidan Konstantin Mixaylov va Tohir G‘ulomov kabi o‘zbekistonliklar ham o‘rin egallashgan. Delegatsiya shifokori – Yelena Abayeva hisoblanadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish