15:13 / 19.08.2015
3728

Sifatsiz dori vositalari savdogarlari qamoq jazosiga tortildi

O‘zbekiston hududiga noqonuniy ravishda dori vositalarini olib kirgan jinoiy guruh a'zolari sud qaroriga ko‘ra uzoq muddatlarga qamoq jazosiga hukm qilindi.

Milliy xavfsizlik xizmati Sirdaryo viloyati boshqarmasi va bojxona organlari vakillari hamkorligida o‘tkazilgan chora-tadbirlar natijasida aylanma yo‘llar orqali Qozog‘istondan yurtimizga katta miqdorda dori vositalarini noqonuniy ravishda olib kirish bilan shug‘ullanuvchi uch kishi qo‘lga olindi.

Toshkent viloyati Zangiota tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolarga tegishli avtomobil ko‘zdan kechirilganida, 23 nomdagi 35059 dona dori vositasi mavjudligi aniqlandi. Mazkur dori vositalari egalari tegishli hujjatlarni taqdim eta olmadi.

Ma'lum bo‘lishicha, qo‘lga olingan kimsalar ushbu dori vositalarini qashqadaryolik fuqaro Rajabova D.ning Toshkentdagi xonadoniga olib borishi lozim edi. Uning xonadoni tekshirilganda, bu yerda ham kontrabandistlar tomonidan Qozog‘iston orqali olib kelingan 19 nomdagi 38288 dona dori vositasi noqonuniy ravishda saqlanayotgani ma'lum bo‘ldi. Xonadon egasi ham hibsga olindi.

Olib qo‘yilgan 200 million so‘mlik dori vositalari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi xulosasiga ko‘ra davlat reyestrida ro‘yxatga olinmagani ma'lum bo‘ldi. Mazkur dori vositalarini tarqatish va tibbiy maqsadlarda qabul qilish ularning davlat sifat standartlariga egaligini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar mavjud emasligi bois taqiqlanadi.

“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma ikki yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi qarorga muvofiq, o‘z aybidan pushaymonligini bildirgan D.Rajabovaga nisbatan qo‘zg‘atilgan ish to‘xtatildi.

Qolgan uch nafar jinoyatchining har biri O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 182-(bojxona qonunchiligining buzilishi) va 186-3-(sotish maqsadida sifatsiz yoki qalbaki dori vositalarini tashish) moddalariga asosan aybdor deb topilib, sud qaroriga binoan 5 yildan qamoq jazosiga mahkum etildi.

Top