Jamiyat | 16:02 / 19.08.2015
3403
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentning uchta tumanida elektron sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahridagi uchta — Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek va Yakkasaroy tumanlararo sudlari yaqin orada «E-SUD» tizimi orqali murojaatlarni elektron shaklda qabul qilishni boshlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi bo‘lim boshlig‘i Baxtiyor Umarovning so‘zlariga ko‘ra, endilikda tomonlar sudga buzilgan huquqlarini qayta tiklash bo‘yicha nafaqat yozma, balki elektron shaklda ham o‘z arizalarini yuborishlari, ularga taqdim etiluvchi hujjatlar nusxasini qabul qilib olishlari ham mumkin.

«O‘zbekistonda qonun ustuvorligi sohasida hamkorlik» loyihasi milliy koordinatori Xolmo‘min Yodgorovning qayd etishicha, mazkur tizim 2014 yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha Zangiota tumanlararo sudida muvaffaqiyatli tarzda sinovdan o‘tgan.

O‘tgan davr ichida elektron shaklda kelib tushgan 23 ming arizaning 20 mingdan ziyodi ko‘rib chiqilib, ular yuzasidan sud qarorlari qabul qilingan, 772,94 mln so‘m miqdoridagi qarzdorlik undirilgan edi.

«E-SUD» — informatsion milliy elektron sud tizimi bo‘lib, mahalliy mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan hamda MDH hududida o‘xshashi mavjud emas, deb yozadi UzReport nashri.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish