Yangi Kia Sportage avtomobilining videosi namoyish etildi
Internetda yangi avloddagi Kia Sportage krossoveri hech qanday niqobsiz yo‘lda ketayotgani tasvirlangan video paydo bo‘ldi. Rolikni YouTube’da Jinwoo Kim ismli foydalanuvchi joylashtirdi.
Bundan tashqari, Facebook’da yangi modelning fotosuratlari paydo bo‘ldi. Unda mashinaning kuzovida hech qanday kamuflyaj yo‘qligi, uning nafaqat orqa, balki old qismini ham ko‘rish mumkin.
17 avgustda Kia yangi avloddagi Sportage’ning dizayn-sketchlarini chop etdi. Koreys avtomobil ishlab chiqaruvchisi model sentabr oyi o‘rtalarida Frankfurt avtosalonida namoyish qilinishini e'lon qildi.
World Car Fans nashrining ta'kidlashicha, Sportage krossoveri oxirgi avloddagi Hyundai Tucson shassisi va motorlarini oladi. Hyundai krossoveri 1,6 litrli 135 va 176 ot kuchiga ega atmosferali va turbirlangan benzinli hamda 115 dan 184 ot kuchiga ega uchta dizelli dvigatel bilan taklif etiladi.
Tucson dvigateli olti pog‘onali “mexanik” yoki “avtomat” uzatmalar qutisi bilan birgalikda ishlaydi. Modelning eng kuchli benzinli versiyasi uchun ikki ilashishli yetti pog‘onali “avtomat” uzatmalar qutisi ham mavjud.