07:33 / 20.08.2015
3955

Hillari Klinton o‘z ta'tili uchun 100 ming dollarga ijaraga uy oldi

AQSh prezidenti lavozimiga nomzod Hillari Klinton o‘z ta'tilini Atlantika okeani bo‘yida joylashgan ijaraga olingan uyda o‘tkazmoqchi. Klinton o‘zining 2 haftalik ta'tilini 4ta yotoqxona, kaminga ega mehmonlar uchun xona, katta ayvon, 15 metrli basseyn va xususiy plyajga ega uyda o‘tkazadi, deb xabar bermoqda style.rbc.ru nashri. 

Hillari Klinton saylov kampaniyasi davomida o‘zining birinchi ta'tiliga chiqmoqda. Klinton turmush o‘rtog‘i Bill Klinton va qizi Chelsi bilan Xemptonsda hordiq chiqaradi. Klintonning qizi keyinroq eri va bir yashar qizi bilan ularga kelib qo‘shiladi, deb xabar bergan Daily Mail nashri.

Haftasiga 50 ming dollarga uy ijaraga olish Nyu-York tashqarisidagi nufuzli Xemptons shahri uchun o‘rtamiyona ko‘rsatkich hisoblanadi. Oilaning soliq deklaratsiyalaridagi ma'lumotlarga ko‘ra, juftlikning 2007-2014 yillardagi daromadi deyarli 140 mln dollarni tashkil qildi. Klintonlar asosiy daromadni ma'ruzalar o‘qishdan oladi. Misol uchun, 2013 yilda juftlik bu faoliyatidan 22,85 mln dollar ishlab olgan.

Hillari Klinton ta'tilga qaramasdan, bir qator, aksariyat uning saylovoldi kampaniyasi homiylari bilan ishchi uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirgan. Klinton Brooklyn Nets basketbol jamoasining egalaridan biri Artur Rabin, venchur sarmoyachi Alan Patrikof bilan uchrashadi va “Hillari Klinton fermasidagi to‘linoy” nomli tadbirda ishtirok etadi.

Klintonlar oilasining yozgi ta'til udumlari Bill Klintonning prezidentlik davrlariga borib taqaladi. O‘shanda juftlik har yozda hozirda Barak Obama dam oladigan Massachusets shtatidagi Martas-Vin'yard kurortida hordiq chiqarishgan. 2000-yillarda ular Xemptonsda dam olishni boshlashgan va shundan buyon bu yerda hordiq chiqarish ular uchun odatga aylangan. 2011-2012 yilda juftlik East Hampton’da ming kvadrat metrdan ko‘proq maydonga va 8ta yotoqqa ega uyni bir oyga 200 ming dollarga ijaraga olgan edi.

Klintonlar hozirda ijaraga olgan uyning intereri yorug‘ tuslarda ishlangan, uyning atrofi esa zich o‘rmon bilan o‘ralgan.

Top