Jamiyat | 18:07 / 20.08.2015
10608
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda 10 yoshli qozog‘istonlik qizga 12 yoshli bolaning yuragi ko‘chirib o‘tkazildi

Hindistonda 10 yoshli qozog‘istonlik qizga 12 yoshli bolaning yuragi ko‘chirib o‘tkazildi.
The Times of India nashrining yozishicha, Adiz ismli bola avtohalokatga uchrab, hayotdan ko‘z yumgan.

Qozog‘istonlik Dilnaz Isan esa to‘rt oydan buyon Chennaidagi shifoxonada donor yuragini kutib davolanayotgan bo‘lgan. Shifokorlar qizaloqqa “kardiomiopatiya” (yurak juda kuchsiz bo‘lib, har daqiqada to‘xtab qolishi mukin) tashxisini qo‘yishgan.

Otasi bilan avtohalokatga uchrab, og‘ir jarohat olgan 12 yoshli Adizga “Fortik” kasalxonasi shifokorlari yordam bera olishmadi. Shundan so‘ng, Adizning onasi farzandining sog‘lom organlarini donorlikka berishga rozilik bildirgan.

Yangi donor a'zosi to‘g‘risida boshqa shtatlar shifoxonalariga ma'lum qilingan. Adizning yuragi uchun talabgorlar chiqmaganidan so‘ng u Dilnazga ko‘chirib o‘tkazilgan.

Jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlangan, qizning ahvoli me'yorida ekani xabar qilingan.