Sport | 20:29 / 21.08.2015
3150
4 daqiqa o‘qiladi

Bugun "Malaga" va "Sevilya" o‘yini La liganing yangi mavsumini ochib beradi

Bugun (21.08.2015) Ispaniya La ligasining yangi mavsumiga start beriladi. 1-tur o‘yinlarini "Malaga" va "Sevilya" jamoalari ochib berishadi.

Malaga – Sevilya
23.30, «La Rosaleda» o‘yingohi

"Sevilya" jamoasi o‘tgan mavsumni beshinchi o‘rinda yakunlagan. Jamoaning o‘tgan mavsumdagi asosiy hujumchisi Karlos Bakka (17ta gol) yozgi transferlar mavsumida "Milan"ga o‘tib ketdi. Lekin jamoaga "Dnepr"dan Yevgeniy Konoplyanka kelib qo‘shildi.
"Malaga" esa o‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra 11 o‘rinni egallagandi. Xavi Garsiya yangi mavsumda yosh futbolchilarga tayanmoqchi.

Qolgan bellashuvlar 22-24 avgust kunlari davomida o‘tkaziladi.

Atletiko – Las-Palmas
21.30, «Visente Kalderon» o‘yingohi

Madridning "Atletiko" jamoasi 22 avgust oqshomida o‘z muxlislari qarshisida chempionat deyubtanti "Las-Palmas" bilan o‘ynaydi. 2014-2015 yillar mavsumida 3 o‘rinni egallagan "Atletiko" yangi mavsum arafasida asosiy hujumchilaridan biri Manjukichni "Yuventus"ga transfer qildi. Jamoaga "Portu"dan Jyekson Martines kelib qo‘shilgan.
22 avgust kuniga "Espanol"-"Xetafe" va "Deportivo"-"Real Sosedad" uchrashuvlari ham belgilangan.

Espanol – Xetafe
21.30, «Kornelya El Prat» o‘yingohi

"Espanol" o‘tgan mavsumni turnir jadvali ekvatorida, 10 o‘rin bilan yakunlagan. "Xetafe" esa 15 o‘rinni olgan. "Espanol" yangi mavsum arafasida "Real"dan "ispan futboli brillianti" deb atalayotgan Asensioni ijaraga olishga ulgurdi. "Xetafe" esa o‘tgan mavsum yakunlanishiga 2 tur qolganida "ligada jon saqlab qolgan". Biroq rahbariyat Fran Eskribaga ishonch bildirgan.

Deportivo – Real Sosedad
21.30, «Riasor» o‘yingohi

O‘tgan mavsumda 16-o‘rinni egallagan "Deportivo" yangi mavsumni o‘rtamiyona "Real Sosedad"ga qarshi o‘z maydonidagi uchrashuv bilan boshlaydi. Devid Moyyes yangi mavsum uchun yangi futbolchi olib kelmagan.

23 avgust kuni "Barselona" va "Real" jamoalari ham bahslarga kirishishadi. Dastlab, "Barselona" Bilbaoning "Atletik" jamoasi maydoniga safar qilsa, biroz o‘tib "Real" Xixonning "Sporting" jamoasiga qarshi safar uchrashuvini o‘tkazadi.

Atletik – Barselona
19.30, «San Mames» o‘yingohi

"Barselona" avgustning ikkinchi yarmida "Atletik"ka qarshi uchinchi o‘yinini o‘tkazadi. O‘tgan mavsum chempionlari yangi mavsumda ham chempionlikni saqlab qolishni maqsad qilishgan. Dastlabki turlarni jamoa hujum chizig‘idagi Neymar o‘tkazib yuborishi aytilgan. Shuningdek, jamoa yozgi transferlar vaqtida xarid qilingan Arda Turan va Aleish Vidalni 2016 yilning boshiga qadar maydonga tushira olmaydi.


Sporting Xixon – Real Madrid
21.30, «El Molinon» o‘yingohi

O‘tgan mavsumning vitse-chempionlari "Real" yangi mavsumni yangi murabbiy Rafael Benites qo‘li ostida boshlaydi. Madridliklar yangi mavsum arafasida "Inter"dan Kovachichni transfer qildi. Jamoa mavsumda Ronaldu, Beyl va Benzemadan iborat hujum uchligini o‘ynatmoqchi. Xixonliklar esa bu mavsumda ham ligada jon saqlab qolish uchun harakat qilishlari kutilmoqda.

Rayo Valekano – Valensiya
23.30, «Kampo de Valekas» o‘yingohi

Shu kuni o‘tgan mavsumda kuchli to‘rtlikka kirgan "Valensiya" ham 1 tur o‘yinida "Rayo Valekano" bilan o‘ynaydi. "Valensiya" biroz oldinroq, o‘zining asosiy himoyachisi Otamendini "Manchester Siti"ga transfer qildi. Lekin jamoa Feguli, Parexo, Pyatti, Rodrigo kabi yetakchilarini saqlab qolgan. "Rayo Valekano"ning yulduzi Alberto Bueno esa "Portu"ga yo‘l olgan.

24 avgust kuni "Levante" "Selta" bilan, yana bir deyubtant "Betis" "Vilyarreal" bilan, "Granada" esa "Eybar" bilan o‘ynaydi va birinchi tur o‘yinlari yakunlanadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish