16:49 / 21.08.2015
3119

"Sharq taronalari" festivalini 200dan ortiq xorijiy va mahalliy OAV vakillari yoritib boradi

Samarqandda bu yil o‘ninchi bor tashkil etilayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida dunyoning 66 mamlakatidan 370 dan ortiq vakillar ishtirok etishi kutilmoqda.

Ular orasida Butan, Portugaliya, Komor orollari, Kosta-Rika, Mavrikiya, Mavritaniya, Peru, Sloveniya, Ekvador davlatlari san'atkorlari ilk bor mazkur san'at anjumani qatnashchilari bo‘ladi. Festival ishtirokchilari va mehmonlar uchun “Orient star Kuksaroy”, “Registon Plaza”, “Regal palace” mehmonxonalarida joylar hozirlandi.

Festival doirasida “Registon Plaza” mehmonxonasida o‘tkaziladigan “Sharq xalqlari musiqa madaniyatining mushtarakligi” mavzusidagi ilmiy-nazariy konferensiyani yuqori saviyada tashkil etish uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilgan. Anjuman davomida xorijlik va mahalliy san'atshunos olimlar tomonidan bir qator taqdimotlar, yoshlar uchun mahorat mashg‘ulotlari o‘tkazish rejalashtirilgan.

Festival kunlari Samarqand hunarmandlar markazi va Tillakori madrasasida xalq amaliy san'ati asarlari va hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmalari, “Chorsu” galereyasida samarqandlik rassomlarning asarlari namoyishi o‘tkaziladi.

Bu yilgi festivalni 200dan ortiq xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari yoritishi kutilmoqda, deb xabar beradi Jahon AA.
Ular uchun tashkil etilgan markaz zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ta'minlandi. Internet aloqasi, “Wi-Fi” tizimi yo‘lga qo‘yildi. Festival tarixi haqida videoroliklar, fotolavhalar, ma'lumotlar bazasi yaratilgan. Ommaviy axborot vositalari xodimlariga qulaylik yaratish maqsadida Registon maydonida, “Orient star Kuksaroy” mehmonxonasida intervyu olish joylari tashkil etildi.

Top