13:26 / 22.08.2015
13305

KXDR va Janubiy Koreya o‘rtasidagi yuqori darajali uchrashuv tafsilotlari ma'lum qilindi

KXDR va Janubiy Koreya yetakchi amaldorlari ikki koreys davlati o‘rtasida yuzaga kelgan murakkab vaziyatni hal etish maqsadida yuqori darajadagi uchrashuv o‘tkazishga kelishib olgani xabar qilingan edi.

Koreya Respublikasi prezidenti ma'muriyati vakillarining so‘zlariga ko‘ra, juma, 21 avgust kuni mahalliy vaqt bilan 16:00 (Toshkent vaqti bilan 12:00) atrofida Seul Shimoliy Koreya Mehnat partiyasi markaziy kengashining birlashish masalalari bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i Kim Yan Gon nomidan Koreya Respublikasi prezidentining xavfsizlik masalalari bo‘yicha kotibi Kim Gvan Chjin ishtirokida uchrashuv o‘tkazish taklifi bildirilgan telefonogramma kelib tushgan. Shu kunning o‘zida 18:00 (Toshkent vaqti bilan 14:00)da kim Gvan Chjin nomidan Pxenyanga bunday uchrashuvni Kim Yan Gon bilan emas, Koreys armiyasi siyosiy boshqaruvi rahbari Xvan Byon So ishtirokida o‘tkazish haqidagi javob taklifi yuborilgan.

Shanba, 22 avgust kuni 9:30 (5:30)da Shimoliy Koreyadan Kim Yan Gon va Xvan Byon So, Janub tomonidan esa Kim Gvan Chjin hamda milliy birlashuv ishlari bo‘yicha vazir Xon Yon Pxyo ishtirokida uchrashuv tashkil etish haqida yangi taklif kelib tushdi.

KXDR taklifiga ko‘ra, ikki koreys davlati o‘rtasida 2+2 formatidagi uchrashuv 22 avgust kuni 18:00 (14:00)da qurolsizlantirilgan hudud markazida joylashgan Pxanmunjom muzokaralar punktida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv Seul taklifiga ko‘ra, hududning Janubiy Koreyaga tegishli qismidagi “Tinchlik uyi” deb nomlangan binoda o‘tkaziladi.

Top