Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Lenovo Hindistonda smartfonlar ishlab chiqarishni boshladi
Hindistonning jadal rivojlanayotgan bozori smartfon ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalarni o‘ziga jalb etmoqda. Bu yerda Lenovo kompaniyasi o‘zining Motorola bo‘linmasi bilan birga ish boshladi.
Xitoy kompaniyasining smartfonlari Chennay zavodida Flextronics kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi. Kompaniyaning Hindistonda yig‘iladigan birinchi smartfoni Motorola Moto E smartfoni bo‘ladi. Undan keyin Lenovo K3 Note fableti ishlab chiqariladi. Keyingi moliyaviy yildan Motorola va Lenovo ushbu zavodda 6 mln dona smartfon ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.
Bundan biroz avval Hindistonda Xiaomi ham o‘z smartfonlarini ishlab chiqarishni boshlagan edi. Yaqinda kompaniya Hindistonda yig‘ilgan ilk smartfonini namoyish qildi. Buning uchun Xiaomi kompaniyasi Apple’ning eng yirik hamkori Foxconn’ni jalb qildi. Kompaniyaning Redmi 2 Prime smartfoni Shri-Sitidagi zavodda yig‘ilmoqda. Xabarlarga qaraganda, yana bir qator ishlab chiqaruvchilar, jumladan, Oppo, ASUS, Gionee va Huawei kompaniyalari ham Hindistonda o‘z ishlab chiqarishini joylashtirmoqchi. Mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, Microsoft kompaniyasi Foxconn bilan Hindistonda Lumia seriyasidagi ba'zi modellarni ishlab chiqarish bo‘yicha suhbat olib borgan.
Qayd etish kerakki, Lenovo’ni hind bozorida yangi ishlab chiqaruvchi deyish noto‘g‘ri bo‘ladi, chunki kompaniya bundan bir necha yil avval hind zavodlarida kompyuter ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan edi.