11:58 / 23.08.2015
3347

Minglab muhojirlar Makedoniya va Gretsiya chegarasini buzib o‘tishdi

Minglab noqonuniy muhojirlar 22 avgust kuni Makedoniya va Gretsiya o‘rtasidagi chegarani buzib o‘tishdi. Bu haqda BBC News xabar bergan.

Makedoniya huquq-tartibot xodimlari bu holatda hayot uchun xavfsiz granatalar qo‘llashgan, natijada bir necha kishi jarohatlangan. Xabar qilinishicha, ularning sog‘ligiga jiddiy xavf yo‘q.

22 avgust kuni Makedoniya hukumati o‘z hududidan 300 nafar muhojirning Serbiyagacha poyezd orqali yetib olishiga ruxsat bergandi.

Oxirgi kunlar davomida Gretsiya va Makedoniya chegarasida vaziyat chigallashgan. Bu hududda Suriyadan kelgan qochqinlarning behisob olomoni to‘plangan. Ular Makedoniya orqali Yevropa Ittifoqi hududiga kirishga harakat qilishmoqda. Makedoniyada 20 avgust kuni chegaralarni mustahkamlash bo‘yicha qaror qabul qilingan.

"Oxirgi bir necha kun ichida muhojirlar soni keskin ko‘paydi. Ularning safiga har kuni 3-3,5 ming kishi kelib qo‘shilmoqda. Makedoniya esa 2 mln nafarga yaqin aholi istiqomat qiladigan kichik mamlakat hisoblanadi", deb bayonot bergan Makedoniya Tashqi ishlar vaziri Nikola Poposki.

Ma'lumot uchun, butun yoz davomida Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli Yevropa janubiga, Italiya va Gretsiyaga ko‘p miqdorda muhojirlar oqimi kuzatilmoqda.

Yevrokomissiya muhojirlarni mamlakatlar bo‘ylab taqsimlashni taklif qilmoqda. Unga ko‘ra, Frantsiya 14,7 foiz, Germaniya 18,4 foiz muhojirni qabul qilishi ko‘zda tutilgan. Yevropa Ittifoqidagi barcha davlatlar 2 yil davomida 32 ming muhojirni qabul qilishga rozilik bildirgan.

Top