O‘zbekiston | 17:12 / 24.08.2015
3426
2 daqiqa o‘qiladi

BAAdan O‘zbekistonga kirib kelayotgan yarim milliardlik tovarlar hujjatsiz bo‘lgani uchun musodara qilindi

2015 yilning birinchi yarmi davomida Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan 723ta bojxona qoidabuzarliklari aniqlanib, qiymati 7 mlrd. so‘mlik tovar-moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. Bu haqda Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi Axborot xizmati xabar bergan.

Jumladan, “Xo‘jadavlat” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan respublikamizga kirib kelgan yuk poyezdini bojxona nazoratidan o‘tkazish chog‘ida konteynerlardan birida xususiy tadbirkor K.Farmonov (ism-sharifi o‘zgartirilgan) nomiga Birlashgan Arab Amirliklaridan yuborilgan yuklar bilan yuk kuzatuv hujjatlaridagi ma'lumotlar o‘rtasida tafovutlar mavjudligi aniqlandi.

Ma'lum bo‘lishicha, konteynerdagi qiymati 507 mln. so‘mdan ortiq bo‘lgan avto ehtiyot qismlari, maishiy texnika jihozlari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, idish-tovoqlar, kosmetik va gigiyenik vositalari va hattoki bolalar tagliklari, jami 253 turdagi tovar-moddiy boyliklar hech qanday hujjatlarsiz respublikamiz hududiga olib kirilishi “ko‘zlangan” edi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Sirg‘ali tuman sudining hukmiga asosan yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qiymati 507 mln. so‘mdan ortiq bo‘lgan tovar moddiy boyliklari davlat egaligiga o‘tkazildi. Yuk egasiga nisbatan ham jazo muqarrarligi ta'minlandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish