09:09 / 24.08.2015
14668

IIV rasmiysi Toshkent chorrahalaridagi yangi videokameralar qanday ishlashini tushuntirib berdi

Toshkent shahrida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashning kompyuterlashtirilgan tizimi ishga tushirilmoqda. Bu haqda “Toshkent oqshomi” gazetasida yozilgan.

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi rahbari Xolmatjon Saydaliyevning ma'lum qilishicha, chorrahalarga o‘rnatilgan videokameralar svetoforning taqiqlangan ishorasiga hamda belgilangan tezlik talabiga bo‘ysunmaslik holatlarini qayd etib boradi.

Avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi qoida buzilgan joy, vaqt va transport vositasining davlat raqamini qayd etadi. Lekin tizim qoidani buzgan haydovchining shaxsini aniqlash imkoniyatiga ega emas. Bitta transport vositasini ishonchnoma, ijara shartnomasi orqali bir necha shaxs boshqargani bois qoidabuzarlikni aynan kim sodir etganini aniqlash chigallashishi mumkin.

“Bundan ko‘rinadiki, endilikda transport vositasini ishonchnoma orqali boshqa shaxsga berish unchalik ham ishonchli va maqbul yo‘l hisoblanmaydi”, deydi O‘zbekistonning bosh yo‘l harakati noziri X.Saydaliyev.

Ma'lum qilinishicha, videokamera qoidabuzarlikni qayd etgan vaqtdan 3 kun ichida transport vositasi egasi nomiga ma'muriy bayonnoma yuboriladi.

Top