Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rustam Sa'diyev "Sotqin" badiiy filmi uchun "Eng ulug‘, eng aziz" respublika ko‘rik-tanlovida mukofotlandi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 24 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan «Eng ulug‘, eng aziz» respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda milliy agentlikning axborot xizmati ma'lum qildi.
Ushbu tanlov O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, «Tasviriy oyina» ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, Milliy teleradiokompaniya, «O‘zbekkino» milliy agentligi, Badiiy akademiya, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi hamda Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan an'anaviy tarzda o‘tkazilib kelinmoqda.
Tanlovning kino san'ati asarlari yo‘nalishida rejissyorlik ishi uchun Rustam Sa'diyevning «Sotqin» badiiy filmi 1-o‘ringa loyiq deb topildi.
2-o‘rin Murodjon Odilovning «O‘zbekistonliklar», «Orzulari ushalgan odamlar», «Zavol bilmas umr» hujjatli filmlariga, 3-o‘rin esa «Ota», «Novda» filmlaridagi operatorlik ishi uchun Azizbek Arziqulovga nasib etdi.
Shuningdek, «Dilor, Dilor, dil va or» badiiy filmidagi bosh rolni ijro etgani uchun aktrisa Shahlo Temirova, «Qoraqalpoqfilm» kinostudiyasi operatori – «Bolalar kulgan baxtli el», «Qoratov sirlari», «Ustyurt – xazinalar maskani» hujjatli filmlaridagi operatorlik ishi uchun Asenbay Asqarov, faxriy rejissyor – Keksalarni e'zozlash yili munosabati bilan hamda ko‘p yillar davomida ma'naviy-ma'rifiy, tarixiy mavzularda tayyorlagan turkum hujjatli filmlari uchun Saidbotir Ahmadxo‘jayevga rag‘batlantiruvchi mukofotlar topshirildi.