10:21 / 24.08.2015
4081

Xitoylik firibgar soxta bank yaratib, bir oy mobaynida mijozlarni aldab keldi

Xitoyning Shandun viloyatidagi Lini shahrida istiqomat qiluvchi erkak XXRning eng yirik banklaridan biri – Xitoy qurilish bankining soxta bo‘linmasini yaratib, bir oy mobaynida u orqali odamlardan omonat pullari to‘plab borgan. Bu haqda RBK nashri xabar bermoqda.
Chjan familiyali qallob ijaraga olgan xonasini bankka o‘xshatib jihozlagan, ishga esa 15 yoshli qizi va uning ikkita sinfdoshini “olgan”.

Bankka pul qo‘ygan odamlar o‘z mablag‘larini qaytarib olishga yoki ular haqida ma'lumot olishga harakat qilganida, firibgarlar turli bahonalar bilan mijozlarni chalg‘itgan va kerakli ma'lumotlarni taqdim etmagan yoki pullarni qaytarmagan. Turli bahonalar qo‘llanilgan – goh bank tizimi bilan aloqa “uzilib” qolgan, goh boshliqsiz ishni hal qilish imkoni bo‘lmagan va h.k. Lekin mijozlar ko‘p vaqt ulardan shubhalanishmagan.

Nihoyat, soxta shoxobcha orqali bankka 40 ming yuan (6.2 ming dollar) joylashtirgan ayol qurilish bankining haqiqiy bo‘linmasidan pul yechib olishga harakat qilganida yolg‘on fosh bo‘lgan. Bank xodimlari darhol politsiyaga xabar berishgan.

Chjan televideniyega bergan intervyusida dastlab haqiqiy shoxobcha ochishga harakat qilganini, lekin bankdagilar unga ruxsat bermaganini ta'kidladi. Shuningdek, barcha pullarni mijozlarga qaytarganini ma'lum qildi.

Top