07:18 / 25.08.2015
4749

Dushanbeda tug‘ilgan kunini oila davrasida nishonlamagan yigit 4 ming somoniy jarimaga tortildi

Dushanbeda sud Amirbek Isayevni o‘z tug‘ilgan kunini oila davrasida emas, balki kafeda nishonlagani uchun jarimaga tortdi, deb xabar bermoqda Toptj.com nashri.

Isayev “Tojikiston Respublikasida an'ana va udumlarni tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasini buzganlikda ayblanmoqda. Ushbu moddaga ko‘ra, tug‘ilgan kunlarni oila davrasida nishonlash belgilab qo‘yilgan.

Isayevga bunday ayblovlar feysbukdagi sahifasida chop etgan fotosuratlariga asoslanib qo‘yilgan. U ijtimoiy tarmoq orqali tug‘ilgan kunida bo‘lgan do‘stlariga minnatdorchilik ham bildirgan.

Isayevning o‘zi hech nimani nishonlamagani, shunchaki o‘z sevgilisi bilan tort olgani borib, so‘ngra do‘stlari “mafiya” o‘yinini o‘ynash uchun yig‘iladigan pabga kirib o‘tishganini aytgan. Ulfatchilik paytida do‘stlari Isayevning qo‘lidagi tortni ko‘rib, uni tatib ko‘rishni so‘rashgan. Isayev va uning do‘stlariga xizmat ko‘rsatgan pab ofitsianti sudda Isayevni kimdir tug‘ilgan kuni bilan tabriklaganini eshitmaganini aytgan.

Biroq sud hakami ofitsiantning gaplarini ishonarsiz deb topib, yigitni 4 ming somoniyga (joriy kurs bo‘yicha taxminan 600 dollar) jarimaga tortgan.

Jabrlanuvchi feysbukdagi sahifasida jarimani to‘lashga bunday katta puli yo‘qligini va sudning qarori ustidan yuqori instansiyaga shikoyat qilishini aytgan.

Top