12:51 / 25.08.2015
9008

Jon Deyli: Zilzilalarga qaramay, Rog‘un GES loyihasi davom etmoqda

Jon Deyli «The Silk Road Reporters» nashri portalida chop etilgan «Zilzilalarga qaramay, Rog‘un GES mega-loyihasi ishlari davom etmoqda» nomli maqolasida Rog‘un GES qurilishi yakuniga yetgan taqdirda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni sharhladi.

Mazkur loyihada Vaxsh daryosida yirik to‘g‘on qurilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, u qo‘shni Afg‘onistonga elektr energiyasi eksport qilishni ko‘zlayotgan Tojikiston prezidenti I.Rahmonning «durdona rejasiga» aylandi. 2013 yilda Tojikiston soatiga 17,09 mlrd. kilovatt energiya ishlatib, Afg‘onistonga 1 mlrd. kVt. Energiya eksport qilgan.

Tojikistonlik rasmiy vakillarning qayd etishicha, Rog‘un GES yiliga 13 mlrd. kilovaat-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradigan Markaziy Osiyodagi eng yirik gidroelektr stansiya bo‘lishi kerak. Biroq, mazkur loyihaning amalga oshirilishi qishloq xo‘jaligi o‘sish mavsumida suvdan foydalanish imkoniyatiga bog‘liq bo‘lgan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston kabi qo‘shni davlatlarning milliy manfaatlariga tahdid solmoqda. Suv resurslari tangligi muammosi bilan birga, Rog‘un GES shuningdek, seysmik faol hududda joylashgani sababli ekologik tahdidlar manbaiga aylanishi mumkin.

"Telegraf.uz" nashrining yozishicha, joriy yilning 20 may kuni yuz bergan markazi Rog‘un yaqinida joylashgan Rixter shkalasi bo‘yicha 5,5 balli zilzila mamlakatning bir nechta hududidagi turar-joy va ma'muriy binolarga zarar yetkazib, keng ko‘lamli ko‘chkiga sabab bo‘ldi. AQSh geologiya xizmatining ma'lumotlariga ko‘ra, 2013 yildan buyon Rog‘unga yaqin hududlarda 4 va undan baland magnitudali 250ta zilzila, shuningdek, 6 magnitudali 12ta zilzila qayd etilgan.

Maqola muallifi Jon Deyli mablag‘ yetishmasligi, qo‘shni davlatlarning salbiy munosabati va xavfli seysmik faollikka qaramasdan, I.Rahmon avvalgidek o‘zining «buyuk gidroenergetik loyihasini» amalga oshirishga urinayotganini ta'kidlagan.

Top