Jahon | 20:14 / 25.08.2015
2071
2 daqiqa o‘qiladi

MAGATE boshqaruvchilari kengashi Eronning yadroviy dasturini tekshirish rejasini ma'qulladi

MAGATE boshqaruvchilari kengashi Tehron bilan xalqaro vositachilar “oltiligi” o‘rtasidagi kelishuv doirasida Eronning yadroviy dasturini tekshirish rejasini ma'qulladi. Bu haqda 25 avgustda MAGATE boshqaruvchilari kengashi yig‘ilishi natijalariga bag‘ishlangan matbuot-anjumanda agentlikning bosh direktori Yukiya Amano aytib o‘tdi.

Amanoning aytishicha, Eron va MAGATE ekspertlari 15 sentabrdan keyin bahsli masalalar bo‘yicha texnik muzokaralar o‘tkazadi. Shuningdek, bu sanagacha agentlik ispektorlari Tehron tomondan qolayotgan muammolar bo‘yicha avval taqdim qilingan qo‘shimcha ma'lumotlarga baho berishadi.

Amanoning ta'kidlashicha, agentlik “qolayotgan masalalar bo‘yicha yozma tushuntirishlar olgan”. “Biz ularni o‘rganmoqdamiz, ko‘rib chiqamiz va 15 sentabrgacha qo‘shimcha savollar beramiz, shundan keyin Eron va MAGATE ekspertlari texnik uchrashuvlar o‘tkazadi. 15 oktabrdan keyin esa MAGATE olingan ma'lumotlarni tizimli tahlil qiladi va yakuniy bahoni beradi”, deb aytdi Amano.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish