18:00 / 25.08.2015
22539

Oilaviy korxonalar 2017 yilgacha yagona soliq to‘lovi to‘lashdan ozod etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 6 sentabrdagi PF-4469-sonli Farmoniga asosan, 2010 yil 30 martdagi «Xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san'atini rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi PF-4210-sonli Farmoniga qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2005 yil 28 martdagi PF-3588-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq, oilaviy korxonalar xalq badiiy hunarmandchiligi va qo‘lda ishlangan amaliy san'at buyumlarini sotishdan olinadigan daromaddan 2017 yilning 1 yanvarigacha bo‘lgan davrda yagona soliq to‘lovi to‘lashdan ozod etildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi axborot xizmati xabar tarqatmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining 2012 yil 26 apreldagi «Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi O‘RQ-327-sonli Qonunining 3-moddasiga muvofiq, oilaviy tadbirkorlik oila a'zolari tomonidan tavakkal qilib va o‘z mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olish maqsadida amalga oshiriladigan tashabbuskorlik faoliyati hisoblanadi.

Oilaviy tadbirkorlik yuridik shaxs tashkil etgan yoki tashkil etmagan holda amalga oshirilishi mumkin. Yuridik shaxs tashkil etgan holda amalga oshiriladigan oilaviy tadbirkorlikning tashkiliy-huquqiy shakli oilaviy korxonadir.

Qonunning 26-moddasiga ko‘ra, oilaviy korxona yagona soliq to‘lovini to‘lovchi hisoblanadi. Korxonaning foydasi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langanidan keyin uning ishtirokchilari tasarrufiga o‘tadi hamda soliq solinmaydi.

Oilaviy korxona o‘zi ishlab chiqargan xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san'ati buyumlarini realizatsiya qilishdan olingan tushum bo‘yicha yagona soliq to‘lovini to‘lashdan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ozod qilinganligi hamda oilaviy korxonaga kichik tadbirkorlik subektlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar, preferensiya va kafolatlar tatbiq etilishi kabi bir qator me'yorlar belgilab qo‘yildi.

O‘rni kelganda aytish joizki, qonunda belgilangan oilaviy korxonalarga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, bir qator qonun va qonun osti hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, Soliq kodeksining 176 va 179-moddalariga kiritilgan o‘zgartirishga asosan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langanidan keyin oilaviy korxona ishtirokchisi ixtiyorida qoladigan foyda summasi jismoniy shaxslarning mulkiy daromadlari tarkibiga kiritiladi va jismoniy shaxslarning daromadi sifatida soliqqa tortilmaydi. Shuningdek, 351-moddasiga kiritilgan o‘zgartirish bilan oilaviy korxonalar soliq solishning boshqa tartibini tanlash huquqisiz, yagona soliq to‘lovini to‘lovchilari hisoblanishi belgilab qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasining 2012 yil 26 apreldagi «Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi O‘RQ-327-son qonunining 28-moddasida oilaviy korxona turar joydan bir vaqtning o‘zida unda istiqomat qilgan holda tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish) uchun foydalangan taqdirda, kommunal infratuzilma xizmatlari (elektr energiyasi, suv ta'minoti, kanalizatsiya, gaz ta'minoti va issiqlik ta'minoti) haqini to‘lash aholi uchun belgilangan tariflar bo‘yicha va shartlar asosida amalga oshirilishi ko‘rsatilgan.

Top