O‘zbekiston | 12:16 / 25.08.2015
2971
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik mutaxassislar Buyuk Britaniya oliygohlarida ta'lim oladi

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Jorj Edgar Toshkentda Chevening stipendiyalar dasturi bo‘yicha Britaniya oliygohlarida o‘qish sertifikatlarini qo‘lga kiritgan bir guruh o‘zbekistonlik mutaxassislarni qabul qildi.

Chevening dasturi Buyuk Britaniya hukumatining xalqaro stipendiyasi bo‘lib, tashqi ishlar vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi. Dastur doirasida dunyoning turli burchaklaridan mutaxassislar saralab olinib, Britaniya oliygohlarida magistratura bosqichida o‘qish huquqini qo‘lga kiritadi. 1994 yildan buyon ushbu dastur asosida 200ga yaqin o‘zbekistonlik mutaxassis Britaniyada ta'lim oldi.

Joriy yilda stipendiya olish uchun qo‘yiladigan talablarni 8 nafar o‘zbekistonlik mutaxassis bajardi. Ular London, Nottingem, Birmingem, Kardiff, Esseks va Redingda joylashgan yetakchi universitetlarda magistratura bosqichida ta'lim oladi. O‘zbekistonlik mutaxassislar yurisprudensiya, iqtisodiyot, ingliz tili ta'limi, axborot texnologiyalari, iqlim o‘zgarishlari va iqtisodiy taraqqiyot, davlat boshqaruvi sohalarida ta'lim oladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish