Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rishod Sobirov Ostonada dzyudo bo‘yicha jahon chempionatining bronza medali sohibi bo‘ldi
Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida dzyudo kurashi bo‘yicha o‘tkazilayotgan jahon chempionatida hamyurtimiz Rishod Sobirov (-66 kg) bronza medalini qo‘lga kiritdi, deb yozmoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati.
Saralash bellashuvlarida Serxio Mattey (Venesuela), Arsen Xazaryan (Armaniston) hamda Masashi Ebinuma (Yaponiya)ni muddatdan avval mag‘lub etgan Rishod, yarim final yo‘llanmasi uchun kechgan bahsda Janubiy Koreya vakili An Baulga imkoniyatni boy berib qo‘ygandi.
Shundan so‘ng, o‘tish musobaqasida bronza medallar uchun kurashni davom ettirgan Rishod Sobirov dastlab italiyalik Elio Verdeni, bronza medali uchun kechgan bellashuvda esa mezbonlar vakili Eldos Jumaxanovni yengib, jahon chempionatining bronza medali sovrindori bo‘ldi.
Ma'lumki, mazkur jahon chempionatida 2016 yili Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmasi uchun reyting ochkolar ham o‘ynalmoqda. Jahon chempionatida uchinchi o‘rinni egallagan Rishod Sobirov bronza medalga sazovor bo‘lish bilan birga 360 reyting ochkosiga ham ega bo‘ldi.