Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada Ukrainalik rejissyor Sentsov 20 yilga qamaldi
Rostov harbiy sudi ukrainalik rejissyor Oleg Sentsovni Qrimda teraktlar tayyorlashda aybdor deb topdi. Bu haqda Interfaks agentligi xabar bermoqda.
Sentsov 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Jazoni rejissyor og‘ir rejimli koloniyada o‘taydi.
U terrorchi tashkilot yaratib, unga boshchilik qilishda, ikkita terakt tashkil etish va yana bittasini tayyorlashda, qurol-yarog‘ xarid qilish, saqlash va foydalanishda ayblanmoqda.
Uning sherigi Aleksandr Kolchenko ham aybdor deb topilib, axloq tuzatish koloniyasida 10 yillik jazo o‘taydigan bo‘ldi.
“O‘ng sektor”ning diversion guruhi a'zolari deb hisoblanayotgan Sentsov, Kolchenko, Gennadiy Afanasev va Aleksey Chirniylar 2014 yilning 30 may kuni Qrim hududida Rossiya federal xavfsizlik xizmati tomonidan qo‘lga olingan edi.
Ta'kidlanishicha, jinoiy guruh bir qancha teraktlar uyushtirgan, shuningdek, turli guruhlarning to‘qnashuvlarida ishtirok etgan. Jumladan, 9 may kuni Simferopoldagi Lenin haykali va Mangu olov memorialini portlatishga, shuningdek, shu shaharda joylashgan “Qrimning rus jamoati” tashkiloti hamda “Yedinaya Rossiya” partiyasining Simferopol bo‘linmasi ofislariga o‘t qo‘yishga tayyorgarlik ko‘rgan.
Chirniy aprel oyida aybdor deb topilib, 7 yilga qamalgan edi.