Gonduraslik qiz dafn etilganidan bir kun o‘tib tobut ichida uyg‘onib ketdi
Gonduraslik 16 yoshli Neysi Perez dafn etilganidan bir kun o‘tib tobut ichida uyg‘onib ketdi. The Telegraph nashrining ma'lum qilishicha, qizni tobut ichidan chiqarib olishguniga qadar uning joni uzilgan.
La Entrada shahrida istiqomat qiluvchi Perez otishma ovozini eshitib, qo‘rqqanidan hushidan ketgan. Ma'lum qilinishicha, o‘sha paytda uning qornida uch oylik homila bo‘lgan. Qizning lablarida ko‘pik ko‘rgan ota-onasi uning ichiga yovuz ruhlar kirib olgan deb hisoblab, mahalliy rohibni chaqirishgan. Ekzortsizm marosimidan so‘ng qizni shifoxonaga olib borishgan, ammo shifokorlar uning joni uzilganini ma'lum qilishgan.
Perez nikoh libosida dafn etilgan, negaki u bir oy muqaddam turmushga chiqqan edi. Bir kundan so‘ng uning turmush o‘rtog‘i Rudi Gonzales qabristonga kelganida qabr ichidan kelayotgan bo‘g‘iq tovushni eshitgan. U darhol qarindoshlarini yordamga chaqirgan.
Qabr ochilib, tobut sindirilganda qiz hali tirik bo‘lgani aytilmoqda. U tezda shifoxonaga olib kelinganiga qaramay, Neysining hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmadi.
Tibbiyot xodimlarining taxmin qilishicha, qo‘rquvdan hushini yo‘qotgan qizning yuragi vaqtinchalik to‘xtab qolgan. Bundan tashqari, qizda katapleksiya xastaligi bo‘lgani aytilmoqda.