Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
"Milan" Balotelliga tungi klublarga borish va chekishni taqiqladi
"Milan" jamoasining Mario Balotelli bilan tuzgan shartnomasining ba'zi jihatlari oshkor qilindi.
Reyter nashrining yozishicha, 25 yoshli futbolchi bilan tuzilgan shartnomada axloq normalarini nazarda tutuvchi bandlar ham bor.
Endilikda, Balotelli o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlari orqali yangi jamoasi sha'niga to‘g‘ri kelmaydigan gaplar yozmasligi, noma'qul soch turmaklari va kiyimlaridan voz kechishi, chekishni tashlashi, tungi klublarga bormasligi va mashg‘ulotlarga kechikmasligi kerak bo‘ladi.
Qayd etilishicha, Balotelli bilan tuzilgan shartnoma shartlari Italiyadagi harbiy xizmatchilar bilan tuziladigan shartnomalarning bandlaridan deyarli farq qilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, "Liverpul" a'zosi bo‘lgan Mario Balotelli 25 avgust kuni "Milan"ga ijaraga berildi.
Ma'lumot uchun, Balotelli 2013 yilning yanvaridan 2014 yilning avgustigacha ham "Milan" jamoasida to‘p surgandi. U o‘z vaqtida "Inter" va "Manchester Siti" jamoalarida yorqin o‘yinlar ko‘rsatgan.
Qayd etish kerakki, ushbu futbolchi doimiy ravishda janjalli voqealar markazida bo‘lishi bilan tanilgan. U o‘yinlarda eng ko‘p sariq va qizil kartochkalar bilan jazolanadigan, o‘z jamoadoshlari va murabbiylari bilan janjallashadigan badxulq futbolchilar sirasidan hisoblanadi.
Bundan oldinroq, Balotelli hamisha "Milan"ga qaytishni o‘ylab yurgani haqida intervyu bergandi.