12:40 / 26.08.2015
4135

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining “Yosh mutaxassislar” III Respublika Forumi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 6 fevraldagi PQ-2124-son Qarori ijrosini ta'minlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida 2015 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi”ga muvofiq joriy yilning 23-25 avgust kunlari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan bir qator hamkor tashkilotlar ishtirokida “Yosh mutaxassislar” III Respublika Forumi o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni mutasaddilari, qator vazirlik va idoralar rahbarlari, mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlarida mehnat qilib, o‘z innovatsion g‘oya va ishlanmalarini ilgari surib kelayotgan eng faol va tashabbuskor yosh mutaxassislar ishtirok etdilar.

Forumda ta'kidlanganidek, mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki kunlaridanoq yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. 1991 yil noyabrida “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi yurtimizda yoshlar huquqlarini barcha sohalarda himoya qilish borasida tegishli tashkiliy-huquqiy asoslarni to‘la shakllantirdi. Natijada yoshlarimizni jismonan va ma'nan barkamol avlod etib tarbiyalash borasidagi islohotlar  boshqa sohalar bilan o‘zaro chambarchas bog‘langan holda, tizimli va bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining deyarli barcha tadbirlar, yirik anjumanlardagi nutqlarida yoshlarga alohida e'tibor qaratib, yoshlarimiz faoliyati, ular erishayotgan yutuqlar haqida faxr va g‘urur bilan so‘zlashlari ham mamlakatimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan yuksak g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasidir. Bugun O‘zbekistonda boshqa mamlakatlar tajribasida uchramaydigan yo‘nalish – yoshlarni barkamol avlod etib tarbiyalashda davlat va nodavlat notijorat tashkilotlar hamkorligining yo‘lga qo‘yilishi yosh mutaxassislarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida samarali natijalarga erishish imkonini bermoqda. Xususan, respublikamizda eng yirik va ommaviy jamoat tashkiloti bo‘lgan kasaba uyushmalari tomonidan ham o‘quvchi va talabalarni, korxona, tashkilot va muasasalarda mehnat qilayotgan yosh mutaxassislarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash bilan birga ular g‘oya va loyihalarini ro‘yobga chiqarishda ko‘maklashish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda uchinchi marotaba o‘tkazilayotgan “Yosh mutaxassislar” III Respublika Forumi ham ayni shu maqsadlarga qaratilgandir.

Bugungi kunda mamlakatimizda mavjud 6 milliondan ziyod kasaba uyushma a'zolarining 50 foizdan ortig‘ini talaba va o‘quvchilar hamda korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan yosh mutaxassislar tashkil etadi. Ularning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini to‘laqonli ta'minlashda  O‘zbekiston Resputsblikasi Vazirlar Mahkamasi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida imzolangan Bosh kelishuvga, tarmoq va hududiy kelishuvlarga, shuningdek, korxonalarda imzolanayotgan jamoa shartnomalariga yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan alohida me'yorlar va qo‘shimcha imtiyoz hamda kafolatlar kiritilgani ayni muddao bo‘lmoqda. Natijada, jamoa shartnomalari orqali bugun yosh mutaxassislar va  xodimlarga uy-joy qurilishi hamda uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar harid qilish uchun foizsiz ssudalar berilmoqda. Talabalar uchun kontrakt pullarini qoplab berish, yoshlarni korxonada yetarli tajriba va obro‘ga ega bo‘lgan ishchi-xodimlarga biriktirish, yosh mutaxassislarning kasbiy malakasini oshirish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish, iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida kasaba uyushma stipendiyasi bilan ta'minlash kabi qo‘shimcha imtiyozlar amalga oshirilmoqda.

Bu yilgi Forum avvalgi yillardagidan o‘z ko‘lami bilan keskin farq qildi. Mazkur Forumda turli sohalarda faoliyat ko‘rsatayotgan yosh mutaxassislar, olim va tadqiqotchilar ishtirok etdilar. Forum doirasida «Yilning eng faol yosh mutaxassisi» tanlovi o‘tkazilib, uning quyi bosqichlarida 16 ta nominatsiya bo‘yicha 5 ming nafardan ortiq yosh mutaxassis  qatnashdi. Tanlovning Respublika-tarmoq bosqichiga esa 210 nafardan ortiq yosh mutaxassislar yo‘llanma olib, ular orasidan 48 nafar g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. 16 ta nominatsiya bo‘yicha 1-, 2-, 3-o‘rinni egallagan yosh mutaxassislar «Yosh mutaxassislar» III respublika Forumida ishtirok etish yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. Mazkur Forum va uning doirasida o‘tkazilgan “Yilning eng faol yosh mutaxassisi” tanlovida mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan yosh mutaxassislarning yangi innovatsion g‘oya va ishlanmalari hamda ilmiy kashfiyotlari munosib rag‘batlantirilib, amaliyotga tatbiq etilishiga ko‘maklashildi.

 “Yosh mutaxassislar” III Respublika Forumi avvalida yoshlarni yot g‘oyalar ta'siridan saqlash masalalari yuzasidan davra suhbati tashkil etildi. Shundan so‘ng Forum ishtirokchilari yosh mutaxassislar faoliyatiga oid ko‘rgazma bilan tanishdilar.

 

Top