Tayvandagi ko‘rgazmaga kelgan bolakay qimmatbaho suratni bexosdan zararlab qo‘ydi
Tayvanda Leonardo da Vinchi va boshqa italiyalik mashhur rassomlar ishiga bag‘ishlangan ko‘rgazma paytida Paolo Porporaning (1617-1673) mashhur suratlaridan birini 12 yoshli bolakay kutilmaganda barmoqlari bilan teshib qo‘ygan. Bu haqda TASS mahalliy matbuot ma'lumotlariga tayanib xabar tarqatdi.
Onasi bilan ko‘rgazmaga tashrif buyurgan maktab o‘quvchisi Barokko uslubida chizilgan «Gullar» bo‘limida kutilmaganda qoqilib tushgan va qiymati 1,5 mln AQSh dollariga baholanadigan suratga ziyon yetkazgan.
Ko‘rgazma rahbari Andrea Rossining so‘zlariga ko‘ra, voqeadan bola shokka tushib qolgan. Biroq tashkilotchilar yetkazilgan zararni bolaning oilasidan talab qilishmagan. Tez orada suratning zararlangan qismi tiklanib joyiga qaytarib qo‘yilgan. Ko‘rgazma yakunlangach, surat yana Italiyaga qaytariladi.
Taybeyda bo‘lib o‘tayotgan ko‘rgazmada italiyalik ustalar tomonidan chizilgan 55 dona suratlar namoyish etilmoqda. Ularning orasida Leonardo da Vinchining 200 mln. yevroga baholangan surati ham joy olgan.