16:01 / 26.08.2015
3429

Zominda kompyuter monitori ishlab chiqaruvchi yangi korxona ishga tushirildi

Jizzax viloyatining Zomin tumanida yiliga 200 ming dona kompyuter monitori ishlab chiqarish quvvatiga ega xorijiy korxona ishga tushirildi.

Tuman markazidagi Xalqobod mahallasida janubiy koreyalik ishbilarmonlar tomonidan “TRUST ELECTRONICS” mas'uliyati cheklangan jamiyati shaklida tashkil etilgan korxonada 70 yangi ish o‘rni yaratildi. Ularning aksariyati kasb-hunar kollejini bitirgan yosh mutaxassislar hisoblanadi.

Korxonaning ochilish marosimida Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e'tibor yuksak samaralar berayotgani ta'kidlandi.

"Mahallamizda mana shunday zamonaviy korxona tashkil etilgani juda yaxshi bo‘ldi. Mahallamizda mutaxassisligim bo‘yicha ishlayotganimdan xursandman. Hamkasblarimning ko‘pchiligi men kabi yoshlar. Biz ishlab chiqargan mahsulotlar mamlakatimizning turli hududlarida sotilishini o‘ylasam, faxrlanib ketaman", – deydi Zomin sanoat kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Shahnoza Bozorova.

Korxona mutaxassislarining ta'kidlashicha, kelgusi yil ishlab chiqarish quvvati to‘liq o‘zlashtiriladi. Bu, o‘z navbatida, yana 150 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Top