Jahon | 19:47 / 27.08.2015
28563
3 daqiqa o‘qiladi

Ginnes rekordlar kitobi 60 yil ichidagi eng asosiy jahon rekordlari haqida so‘zlab berdi

Joriy yilda 60 yilligini nishoylaydigan Ginnes rekordlar kitobi tahririyati nashr paydo bo‘lgandan beri qayd qilingan insoniyatning asosiy yutuqlari haqida so‘zlab berishga qaror qildi. Bu haqda nashrning saytida aytib o‘tildi.

Nashr o‘zining paydo bo‘lganining birinchi yili eng muhim yutuq sifatida 1955 yilda qo‘shiqlari xit-paradlarning eng yuqori cho‘qqisini eng ko‘p marta egallagan Elvis Preslining fenomenal yutug‘ini aytdi.

Tahririyat 1960-yillardagi koinot bilan bog‘liq bir nechta yutuqlarni qayd etib o‘tdi. 1961 yilda eng katta yutuq sifatida Yuriy Gagarinning koinotga parvozi, 1965 yilda Aleksey Leonovning ochiq fazoga birinchi bo‘lib chiqishi, 1969 yilda Oy sirtiga birinchi bo‘lib qadam qo‘ygan fazogir Nil Armstrongning erishgan yutug‘i aytib o‘tildi.
1971 yil nashrga birinchi yuborilgan e-mail xabar, 1973 yil – mobil telefondan birinchi qo‘ng‘iroq, 1978 yil eng semiz egizaklar bilan yodda qolarli bo‘ldi.

1980-yillarda nashr sahifalaridan jahonda eng ko‘p sotiluvchi musiqa albomi – Maykl Jyeksonning Thriller albomi, dunyoning eng faol Kilauea vulqoni va eng muvaffaqiyatli boshqotirma o‘yin “Tetris” o‘yini joy oldi.

Ginness rekordlar kitobi tomonidan 1990-yillardagi eng asosiy voqealar sifatida internet-brauzerning paydo bo‘lishi, kartadan yasalgan eng baland uycha, birinchi to‘liq metrajli kompyuter multfilmi (“O‘yinchoqlar tarixi”) va uzunligi 30,5 metrni tashkil qiluvchi limuzin e'tirof etildi.

2000-yillarda eng muhim natijalar qatoriga bog‘ gnomlarining eng katta kolleksiyasi, dunyodagi eng katta toshbaqa, eng uzoq davom etgan ko‘nishsiz parvoz va 2009 yilda 100 metrga yugurishda yamaykalik sprinter Useyn Bolt tomonidan o‘rnatilgan 9,58 soniyalik rekord natija kiritildi.

Oxirgi o‘n yillik Feliks Baumgartnerning 39 kilometrlik balandlikdan sakrashi, eng ko‘p miqdorda sotiluvchi o‘yin (GTA V) va teleboshlovchi Ellen Dejyeneres 2014 yilda “Oskar” mukofotida guruh bo‘lib tushilgan selfini chop etgan tvitiga eng ko‘p miqdordagi retvitlar (javob tvitlari) bilan esda qoldi.