Gretsiya hukmron partiyasini yana 53 nafar deputat tark etdi
Gretsiyaning hukmron SIRIZA partiyasini deputatlar tark etishda davom etmoqda. Partiyadan yana 53 nafar deputat yangi shakllantirilgan “Xalq birdamligi” fraksiyasiga o‘tib ketdi. Bu deputatlar xalqaro kreditorlar bilan uchinchi yordam paketi bo‘yicha kelishuvni tan olishdan bosh tortishgan.
Bir hafta avval SIRIZAning so‘l qanotidan 25 deputat “Xalq birdamligi” yangi fraksiyasini shakllantirgan edi. Fraksiyaga Panayotis Lafazanis boshchilik qilmoqda, deb xabar bermoqda RIA “Novosti” axborot agentligi.
Yangi fraksiyani shakllantirgan deputatlar Aleksis Tsipras hukumatini Partiya markaziy qo‘mitasi bilan maslahatlashmagan holda muddatdan avvalgi saylovlar o‘tkazish haqidagi qarorini tanqid ostiga olishdi. Shuningdek, ular hukumat partiya dasturi va saylovoldi majburiyatlariga zid holda yevropalik kreditorlar bilan qarzlarni to‘lash bo‘yicha yanada keskinroq shartlarga rozi bo‘lganligidan norozi bo‘lishmoqda.
Yangi partiya deputatlari 5 iyuldagi referendumda kreditorlarning ultimatumiga “Yo‘q” deb javob bergan Gretsiya xalqining manfaatlarini himoya qilmoqchi. Xalq deputatlari kreditorlar bilan barcha kelishuvlarni bekor qilib, mamlakatda “milliy-demokratik suverenitet”ni tiklashmoqchi.