Jamiyat | 03:41 / 27.08.2015
3619
2 daqiqa o‘qiladi

IIV inspektori: yozgi oromgohlarda bolalarning xavfsizligi ta'minlandi

Joriy yilda O‘zbekiston bo‘yicha jami 287 mingdan ortiq bola yozgi oromgohlarda dam oldi. Bu o‘tgan yilga nisbatan yuqoriroq ko‘rsatkichdir. Bu esa, o‘z navbatida, yo‘l harakati xavfsizligi tizimi xodimlari zimmasiga ham alohida e'tibor va mas'uliyat yuklaydi.
O‘zbekiston IIV YHX YHX Bosh boshqarmasi inspektori kapitan Akmal Yunusovning ta'kidlashicha, bolalarning yozgi oromgohlarda dam olishi ko‘ngilsiz hodisalarsiz o‘tishi uchun barcha kerakli choralar ko‘rilgan.
“Barcha oromgohga DYHXX xodimlari biriktirilib, tegishli idoralar bilan hamkorlikda oromgohlarda harakat xavfsizligi burchaklari va avtomaydonchalar tashkil etildi. Ular “Yo‘l harakati qoidalari” kitobi, harakat xavfsizligini targ‘ib qiluvchi turli rasmlar, ko‘rgazmali qurollar bilan jihozlandi”, - deydi u “Oila davrasida” gazetasida chop etilgan maqolasida.
Oromgohlarga ajratilgan avtobuslarning har tomonlama soz holatda bo‘lishi dolzarb masalalardan biri, deb hisoblaydi inspektor. Shu bois ushbu transport vositalari Yo‘l harakati qoidalarida belgilangan talablarga to‘liq javob berishi lozim.
“Ularning barchasi majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazildi, tibbiyot qutichasi, yong‘in o‘chirgich, majburiy to‘xtaganda o‘rnatiladigan «Falokat sababli to‘xtash» belgisi, g‘ildirak ostiga qo‘yiladigan tirgak, favqulodda holatda oynani urib sindirish uchun foydalaniladigan bolg‘acha, avtobusning oldi va orqa tomonida «Bolalar guruhini tashish» taniqlik belgisi bilan ta'minlandi”, - ta'kidlaydi Yunusov.