Mishel Platini yaqin ikki oy ichida FIFA prezidenti lavozimiga saylovoldi dasturini taqdim qiladi
FIFA prezidenti lavozimiga da'vogarlik qilayotgan UYeFA prezidenti Mishel Platini yaqin 6-8 haftada o‘zining saylovoldi dasturini taqdim qiladi. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma'lum qildi.
Platini 28 avgustda Monakoda bu lavozimga rasmiy da'vogar sifatida matbuot-anjuman o‘tkazmoqchi. Platini FIFAdagi islohotlar tashkilotga rahbar saylovlaridagi barcha narsalardan ustun bo‘lishi, biroq u futbolga ziyon yetkazmasligi kerakligini aytmoqda.
Ma'lumotlarga ko‘ra, Platini jahon chempionati, xalqaro taqvim va o‘yin qoidalari borasida o‘zgartirishlar kiritishni ko‘rib chiqishni rejalashtirgan. Xususan, Platini jahon chempionatlarining final bosqichida ishtirok etuvchi jamoalarning sonini ko‘paytirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, u “uch karra jazolash” – penalti, qizil kartochka va jarima maydonidagi qoidabuzarlik uchun o‘yindan chetlatishga, darvoza ishg‘ol qilinganini qayd qiluvchi texnologiyalardan foydalanishga qarshi chiqmoqda.
Platinidan tashqari, fransiyalik sobiq futbolchi David Jinola, futbol afsonasi Diyego Maradona, Iordaniya shahzodasi Ali ibn Al-Husayn, Toshkentning “Bunyodkor” klubining sobiq bosh murabbiyi braziliyalik Ziko, Liberiya futbol uyushmasi rahbari Muso Bilitiy, FIFAning sobiq prezident o‘rinbosari, janubiy koreyalik Chxon Mon Jun FIFA prezidenti lavozimiga saylovlarda ishtirok etish istagini bildirganlar.