O‘zbekiston | 20:32 / 27.08.2015
4689
4 daqiqa o‘qiladi

Mustaqillikning 24 yilligi bayrami arafasida keksalar holidan xabar olindi

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan O‘zbekistonning har bir hududida Mustaqillikning 24 yilligi oldidan “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan madaniy-ma'naviy tadbirlar dasturi o‘tkazilmoqda.

Xususan, respublikamizning turli hududlaridagi tuman va shaharlar, mahalla guzarlari, mehnat jamoalarida madaniy-ma'rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Hududlardagi “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida yashayotgan insonlar xolidan xabar olinib, manzilli qo‘llab-quvvatlanmoqda.

O‘zbek Milliy akademik drama teatrida O‘zbekiston mustaqilligining 24 yilligiga bag‘ishlab “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida bo‘lib o‘tgan ma'naviy-ma'rifiy tadbir ham ana shunday tadbirlardan biri bo‘ldi.

Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, iqtisodiyotimizning turli tarmoqlarida mehnat qilayotgan xodimlar, poytaxt korxona va tashkilotlarida faol mehnat qilgan faxriylar, keksa avlod vakillari va yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir tashkilotchilari tomonidan O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan “o‘zbek modeli”ning muhim yo‘nalishi – kuchli ijtimoiy himoya siyosati o‘zining yuksak samaralarini berayotgani ta'kidlandi. Bu borada yolg‘iz keksa, pensioner va nogironlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kabi xalqimizga xos bo‘lgan ezgu amallar yaxshi an'anaga aylangan.

Tadbirda shuningdek, mamlakatimizda inson manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi, qo‘lga kiritilayotgan ulkan yutuqlarimizning tub mohiyati va ahamiyati butun dunyo tomonidan tan olinayotganligi, mamlakatimizning iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan davlatlar qatoridan o‘rin olganligi alohida ta'kidlandi.

Istiqlol bayrami munosabati bilan “Keksalarni e'zozlash yili” Davlat dasturi doirasida Toshkent shahridagi yolg‘iz va ijtimoiy himoyatalab keksalar yashayotgan 212 ta oilaga uy yumushlarini yengillashtirish maqsadida maishiy va oshxona elektr jihozlari – kir yuqish mashinalari, muzlatgichlar, changyutkich va mikroto‘lqinli pechlar, elektr pechlari, sovg‘a qilindi. Poytaxt korxonalarida samarali mehnat qilib kelayotgan turli soha xodimlari ham munosib taqdirlandi.

Tadbirda Toshkent shahar kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari tizimida xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va ichki ishlar xodimlari oilalariga moddiy yordam ko‘rsatildi. “Kasaba uyushmalari – talabalarga” aksiyasi doirasida oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 41 nafar kam ta'minlangan iqtidorli talabaga Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ta'sis etilgan stipendiyalar topshirildi.

Tadbir so‘ngida yig‘ilganlar e'tiboriga taniqli san'atkorlar ishtirokida konsert va O‘zbek Milliy akademik drama teatri ijodkorlari ijrosidagi spektakl namoyish qilindi.