Oltinko‘l tumanida mustaqillikning 24 yilligi nishonlandi
Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida eng ulug‘, eng aziz ayyom bo‘lmish mamlakat mustaqilligining 24 yilligi shodiyonalari o‘zgacha shukuh bilan bayram qilinmoqda. Tumaning barcha qishloq va mahallalarida bayramni munosib kutib olish uchun yuqori saviyada taraddud ko‘rildi.
26 avgust kuni tuman markazidagi “Oltinko‘l” o‘yingohida istiqlol bayrami munosabati bilan “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida tantanali tadbir o‘tkazildi. Tadbirga tumanining turli sohalarda faoliyat yuritayotgan insonlari, faol yoshlar, jamoatchilik vakillari tashrif buyurishdi. Tantanani tuman hokimi Akmaljon Jalolov ochib, oltinko‘lliklarni eng ulug‘ ayyom - Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi.
Bayram dasturida tuman badiiy jamoalari tomonidan xalqimiz asrlar davomida intilib yashagan va kurashgan, mustaqillik degan bebaho ne'matning qadr-qimmatini teran idrok etish, o‘tgan davr mobaynida bosib o‘tgan og‘ir va mashaqqatli, ayni vaqtda sharafli yo‘limiz, keng ko‘lamli islohotlarimiz, qo‘lga kiritgan ulkan yutuqlarimizning tub mohiyati va ahamiyatini ochib beruvchi sahna ko‘rinishlari, qo‘shiqlar, raqslar namoyish etildi.
"Ayni kunlarda yurtimizning barcha go‘shalari qutlug‘ bayram munosabati bilan ajoyib fayz va tarovatga engan. Muhtaram yurtboshimiz tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosatlarini natijasida kundan-kun rivojlanib, chiroy ochib borayotgan tinch osuda hayotimizga, vatanimizga ko‘z tegmasin!", deydi tadbir ishtirokchisi, xalq deputatlari Oltinko‘l tuman Kengashi deputati Begali Azimov.