Sport | 16:41 / 27.08.2015
2903
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik sportchilar AQShda Xitoy yakkakurashlari bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etdi

10-12 iyulda Florida shtatining Orlando shahrida bo‘lib o‘tgan Xitoy jang san'atlari bo‘yicha xalqaro jahon chempionatida o‘zbekistonlik sportchilar ishtirok etishdi. Ulardan 2 nafari oltin, 2 nafari kumush medallarga sazovor bo‘lishdi.

Aytilishicha, musobaqada qatnashgan 5 o‘zbekistonlikning 4 nafari mudofaa vazirligi sport klubi jangchilari bo‘lgan. Ularga sharq yakkakurashlari bo‘yicha katta murabbiy, muay-tay bo‘yicha 9 karra jahon chempioni, professionallar orasida oltin kamar sohibi, xalqaro toifadagi sport ustasi mayor Baxtiyor Norov boshchilik qildi. Norovning o‘zi professional kikboksing bo‘yicha chempionlik unvonini muvaffaqiyat bilan himoya qildi. U Ozarbayjon va AQSh vakillari ustidna g‘alaba qozondi.

MXSKning sharq yakkakurashlari bo‘yicha murabbiyi, universal jang bo‘yicha jahon chempioni serjant Sirojiddin Ro‘ziyev mamlakat sharafini greppling yo‘nalishida himoya qildi. U irlandiyalik va meksikalik raqiblari ustidan g‘alaba qozonib, finalda AQSh vakiliga imkoniyatni boy berdi.

Universal jang bo‘yicha sport ustasi Alibek Abduyev ham ushu-sanda sport turi bo‘yicha 65 kg vazni toifasida AQSh vakiliga yutqizib, kumush medal sohibiga aylandi.
Universal jang bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi, sharq yakkakurashlari bo‘yicha jahon chempioni Alisher Sherboyev ushu-sanda sportining 75 kg vazn toifasida chempionlikni qo‘lga kiritdi. Finalda u AQSh vakilini nokautga uchratdi.