Pamela Spratlen: Demokratiya intihosi yo‘q, uzluksiz jarayon
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 24 yilligi arafasida O‘zA muxbiri Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen bilan suhbatlashdi.
"Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston mustaqilligini birinchilar qatorida tan olgan. Mamlakatimiz O‘zbekiston Respublikasi suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zbekiston o‘tgan 24 yil ichida mustaqil davlat sifatida amalga oshirgan islohotlari samaralari bilan faxrlansa arziydi", dedi Spratlen xonim.
Uning aytishicha, O‘zbekiston AQSh bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirmoqda.
"AQSh bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning izchil rivojiga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Joriy yilning o‘zida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish maqsadida AQShdan ko‘plab nufuzli delegatsiyalar O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan O‘zbekiston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarini rivojlantirish va salohiyatini yanada oshirish borasida qator ishlar olib borilmoqda. Elchixonamiz va Toshkentdagi Amerika Savdo palatasi O‘zbekiston bilan mustahkam savdo-iqtisodiy aloqalar o‘rnatgan hamda mamlakatingizga sarmoya kiritish istagida bo‘lgan AQSh kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Fan va texnologiyalar sohasi ham AQSh bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishning eng istiqbolli sohalaridandir", deydi AQSh elchisi.
Uning qayd etishicha, demokratiya intihosi yo‘q, uzluksiz jarayon bo‘lib, tub o‘zgarishlar vaqt talab etadi.
"Biz Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining a'zosi, BMTning demokratiya va fuqarolik jamiyatiga oid ko‘plab konvensiyalarini imzolagan O‘zbekistonda ushbu maqsadlarga erishish yo‘lida olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlaymiz, bu boradagi hamkorlikni izchil rivojlantirishga tayyormiz.
Sud sohasidagi ta'limga oid aloqalarimiz faollashmoqda, amerikalik sudyalar va huquqshunos amaliyotchilar O‘zbekistonda, o‘zbekistonlik mutaxassislar esa AQShda uchrashuvlar o‘tkazmoqda. AQSh va boshqa xalqaro sheriklar hamkorligida O‘zbekistonda odil sudlov tizimidagi islohotlarni yanada kengaytirish maqsadida ommaviy axborot vositalari va sud tizimining o‘zaro hamkorligiga bag‘ishlangan qator tadbirlar o‘tkazildi", deydi Pamela Spratlen.
Spratlen xonim shuningdek, O‘zbekiston mustaqilligining 24 yillik bayrami arafasida AQSh xalqi va elchixona xodimlari nomidan O‘zbekiston xalqiga abadiy tinchlik, farovonlik, omad va omonlik tilagan.
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi diplomatik aloqalar 1992 yil 19 fevralda o‘rnatilgan. Ikki mamlakat hamkorligining huquqiy negizini oltmishdan ziyod hujjat, jumladan, 2002 yilda imzolangan Strategik sheriklik va hamkorlik asoslari to‘g‘risidagi deklaratsiya tashkil qiladi.