Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qashqadaryo prokuraturasi maoshlardan qarzdorlik bo‘yicha bir qancha murojaatlarni ijobiy hal qildi
Qashqadaryo viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Baxtiyor Ismatov bergan ma'lumotlarga qaraganda, oxirgi oylarda turli korxonalar tomonidan xodimlarga vaqtida ish haqining berilmasligi bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganib chiqilib, ijobiy hal qilingan.
Jumladan, “Muborak paxta tozalash” AJ ishchisi R. Sodiqovning ish haqi o‘z vaqtida berilmagani oqibatida mehnatga oid huquqlar buzilayotgani haqidagi murojaatini o‘rganish natijasida 30 nafar ishchining to‘lanmay qolgan 35.6 mln so‘m miqdoridagi ish haqlari to‘lab berilishi ta'minlandi va AJ raisi O. Qo‘ziboyevga nisbatan ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atildi.
“Qarshi paxta sanoat trans” MChJ Koson tumani filiali ishchisi U. Bobomurodovning mehnatga oid huquqlari buzilib, ish haqlari berilmayotgani to‘g‘risidagi arizasi yuzasidan o‘kazilgan tekshirishda MChJ raisi N. Ravshanovga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. O‘rganish jarayonida prokuratura aralashuvi bilan filialda ishlab kelayotgan 13 nafar ishchining to‘lanmagan jami 12.3 mln so‘mlik ish haqlari to‘lab berilishi ta'minlandi.
Bundan tashqari, A. O‘rinov va boshqalarning “Qamashi paxta tozalash” AJ ma'muriyati tomonidan maosh berilmayotgani haqidagi murojaatini o‘rganishda jamiyatga qarashli “To‘qboy” paxta qabul qilish maskanida ishlovchi 12 xodimning 7.5 mln so‘mlik ish haqlari to‘lanmasdan kelinayotganligi aniqlanib, ularga tegishli pullar to‘la undirib berildi.
Kasbi tumani Mesit qishlog‘ida yashovchi Sh. Ro‘ziboyev va H. Yo‘ldoshevalarning Muborak tumani “Geolog Agrotexservis” MChJdan ish haqlarini undirib berish haqidagi murojaatini ko‘rib chiqish natijasida ularning jami 5.879 mln so‘mlik ish haqlari undirib berildi.
Shuningdek, “Turon” fermer xo‘jaligi raisi O. Xudoyqulovning “Qashqadaryoneftgazsanoatqurilish” AJ tomonidan shartnoma shartlari bajarilmayotgani to‘g‘risidagi murojaati asosida AJ hisobidan 13.5 mln so‘mlik qarzdorlikni undirish to‘g‘risida viloyat xo‘jalik sudiga da'vo arizasi kiritildi.