Qatar Airways Xalqaro mehnat tashkilotining tanqididan so‘ng ayol xodimlarning ishlash shartlarini yengillashtirdi
Qatar davlat aviakompaniyasi Xalqaro mehnat tashkilotining tanqididan so‘ng ayollarni ishga qabul qilish shartlarini yengillashtirdi.
Iyun oyida BMT- XMT tizimidagi ixtisoslashgan komissiya hisobot tayyorlab, unda aviakompaniya styuardessalarning mehnat huquqlarini poymol qilayotganini ta'kidladi.
Hisobotda aytilishicha, xodimalar homilador bo‘lgan paytda kompaniya ularni ishdan bo‘shatish yoki boshqa ishga o‘tkazish huquqini o‘zida qoldirdi. Shuningdek, kompaniya ayollarning tug‘ruq ta'tiliga chiqishiga imkoniyat bermaydi.
Aviakompaniya ustidan shikoyat XMTga o‘tgan yilning iyunida kelib tushdi. Xalqaro ekspertlar guruhi shikoyatni o‘rganib chiqdi.
Ayollar Qatar Airways’ning barcha ekipajlari a'zolarining (7 ming ishchi) 80 foizlik ulushni tashkil qiladi.
Yaqinda kompaniya prezidenti o‘rinbosari Rossen Dimitrov ayollarning ishga yollanish va mehnat shartlari bir qadar yengillashtirilganini tasdiqladi. Shuningdek, u XMT hisobotida aks etgan boshqa holatlar ham ko‘rib chiqilishiga va'da berdi.
“Aviakompaniya ulg‘aymoqda, ishchi kuchi bilan birga. 35 yoshli insondan oila qurmaslikni talab qilish mumkin emas. Biz xodimlarimizni ushlab qolmoqchimiz”, - ta'kidladi Dimitrov.
Qatar Airways yaqin 2 yilda ekipaj a'zolarini yana 6 ming kishiga ko‘paytirib, aviaparkni kengaytirishni rejalashtirmoqda.