Jahon | 10:31 / 27.08.2015
2410
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston va MAGATE kam to‘yintirilgan uran bankini yaratish bo‘yicha kelishuvni imzoladi

Ostona shahrida Qozog‘iston va MAGATE o‘rtasida xalqaro kam to‘yintirilgan uran banki(Low Enriched Uranium, LEU)ni yaratish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Payshanba, 27 avgust kuni hujjatga Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Yerlan Idrisov hamda MAGATE bosh direktori Yukiya Amano imzo chekishdi, deyiladi "Interfaks" xabarida.

Imzolash marosimida BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a'zolari, jumladan, Britaniya, Xitoy, Rossiya, AQSh va Fransiya, shuningdek, loyihani moliyaviy qo‘llab-quvvatlayotgan donor-davlatlar – Yevropa ittifoqi, Norvegiya, Kuvayt, BAA vakillari ishtirok etishdi.

Kam to‘yintirilgan uran banki Ust-Kamenogorsk shahridagi Ulbin metallurgiya zavodi bazasida tashkil etiladi. Uning zaxirasi 90 tonnagacha bo‘lib, 1000 MVt quvvatga ega reaktor orqali nazorat qilinadi.

Bank “Yadroviy xavfni kamaytirish bo‘yicha tashabbus guruhi” jamg‘armasi (50 mln dollar), AQSh (49,54 mln dollar), BAA (10 mln dollar), Kuvayt (10 mln dollar), Norvegiya (5 mln dollar) va YeI (25 mln dollargacha) mamlakatlari tomonidan moliyalashtirildi. Donorlik badallari miqdori 150 million dollar bo‘lib, mazkur mablag‘ bankning eng kamida 10 yil faoliyat ko‘rsatishi uchun yetadi.