Fan-texnika | 07:33 / 27.08.2015
3846
2 daqiqa o‘qiladi

Samsung Galaxy Note 5 flagman qurilmasi stilusini oson sindirib qo‘yish mumkinligi aniqlandi

Samsung kompaniyasining yangi flagman smartfonlari sotuvga chiqqanining birinchi haftalaridayoq bu qurilmalardan ko‘pi foydalanuvchilar tomonidan aniqlanayotgan kutilmagan kamchiliklar sababli tanqidga uchramoqda. Samsung’ning eng yangi Galaxy Note 5 fableti ham bunday tanqidlardan qochib qutula olmadi. 

Aniqlanishicha, foydalanuvchi tomonidan arzimagan xato qurilmaning asosiy “fishka”si hisoblangan stilusni (smartfonda yozish, chizish uchun mo‘ljallangan ruchka) bir lahzada ishdan chiqarishi mumkin.

Agar stilus o‘zi uchun ajratilgan slotga teskarisiga qo‘yilsa, bu uning aniq ishdan chiqishiga olib keladi. Aniqrog‘i, stilus bunday holatda slotda tiqilib qolib, uni chiqarib olish esa uning slotda bor-yo‘qligini aniqlovchi mexanizmning ishdan chiqishiga olib keladi.

Biroq Samsung’ning ta'kidlashicha, foydalanuvchilar bunday harakatlarni yo‘lga qo‘yib bo‘lmaslik haqida ogohlantirilgan. Smartfon yo‘riqnomasida stilusning o‘z joyiga noto‘g‘ri qo‘yilishi oqibatida uning ishdan chiqishi ehtimoli haqida ochiq-oydin aytib o‘tilgan. Biroq e'tiborsizlik tufayli bunday harakatlarni bajarmaslikdan hech kim kafolatlanmagan.