Jamiyat | 09:55 / 27.08.2015
4129
2 daqiqa o‘qiladi

Times: 2050 yilda Rossiya aholisi 2 barobarga kamayadi

Britaniyaning The Times nashrida keltirilishicha, 2050 yilda Rossiya aholisi 2 barobarga kamayadi, negaki ichkilikbozlik va o‘z joniga qasd qilishlar tufayli o‘lim darajasi o‘smoqda, tug‘ilish darajasi esa, aksincha, pasaymoqda.

Materialda demografiya, migratsiya va mintaqaviy rivojlanish instituti rahbari Yuriy Krupnovning so‘zlariga iqtibos keltiriladi. Uning bashoratiga ko‘ra, 2050 yilga kelib Rossiya aholisi soni 143.5 mln dan 80 mln ga tushib ketishi mumkin.
Ko‘plab sabablar qatorida mintaqalarda daromadning pastligi, kelajakka ishonchsizlik, yoshlarning kam qismi oila qurayotgani ko‘rsatilgan.

2015 yilning birinchi yarmida mamlakatda o‘lim darajasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5.2 foizga o‘sdi. Bu ko‘tarilish asosan 30-45 yoshli odamlar orasida o‘lim holatlarining ko‘payishi bilan bog‘liq. Shuningdek, erkaklarning uchdan bir qismi spirtli ichimliklar ta'sirida vafot etayotgani aytildi.

Rossiyalik erkaklarning o‘rtacha umri 63 yoshni, ayollarning o‘rtacha umri esa 75 yoshni tashkil qiladi. Jinslarning umr ko‘rishi o‘rtasidagi bunday farq faqat Belarus va Suriyada kuzatilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish