Tojikiston elchisi: O‘zbekiston bilan munosabatlarni mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz
Tojikistonning O‘zbekistondagi elchisi Muzaffar Huseynov “Turkiston-press” axborot agentligiga bergan intervyusida ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidlab o‘tdi.
“Birodar O‘zbekiston bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga biz birinchi darajali ahamiyat beramiz, - dedi diplomatik missiya rahbari. – Tojikiston va O‘zbekiston ko‘p jihatdan o‘zaro bog‘langan. Bu, birinchi navbatda, xalqlarimizning ko‘p asrlik tarixiy, madaniy-ma'naviy yaqinligi, manfaatlar umumiyligi va mamlakatlarimiz taqdirlarining uzviy bog‘liqligidir. Ishonchim komilki, bu qadriyatlar bundan keyin ham o‘zaro aloqalarimizning asosini tashkil etadi”.
Huseynovning ta'kidlashicha, ikki davlat aloqalari ulkan salohiyatga ega bo‘lib, undan foydalanish har ikki mamlakatning manfaatlariga javob beradi.
Bundan tashqari, u turizm sohasidagi aloqalarga alohida urg‘u berdi: “Buyuk Ipak yo‘lini tiklashga qaratilgan umumiy harakatlarimiz va mamlakatlarimizda bu sohaga ajratilayotgan e'tibor diqqatga sazovordir. Ipak yo‘lining o‘ziga xos madaniy merosi turizmni rivojdantirishga ulkan imkoniyatlar yaratmoqda. Bizda turizmdan mamlakatlarimiz farovonligi va kelajak avlodlarning manfaatlari yo‘li foydalanish uchun barcha imkoniyatlar mavjud”.
“Har yilning erta kuzida O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari katta ko‘tarinkilik bilan davlat mustaqilligi kunini nishonlaydi. Bugun bu xalqlarimizning tarixidagi muhim sanalardir. U keng miqyosda, tantanali ruhda tinchlik, birlik va kelajakka ishonch kayfiyatida nishonlanadi”, - xulosa qildi Huseynov. U O‘zbekiston xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bilan tabriklar ekan, tez kunlarda – 9 sentabr kuni Tojikiston ham o‘z mustaqillik kunini nishonlashini eslatib o‘tdi.