Tojikiston import o‘rnini bosishga kirishmoqda
25 avgust kuni Dushanbeda Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda raisligida hukumatning ishchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Hukumat matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, unda mamlakatda import o‘rnini bosish masalasi muhokama qilingan.
Rasulzodaning yig‘ilish chog‘ida ta'kidlashicha, Tojikiston moliyaviy va iqtisodiy inqiroz sharoitida o‘z mahsulotini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ustida bosh qotirishi lozim. Mamlakat chet el mollarining importiga qattiq bog‘lanib qolgan, bu hatto oziq-ovqat mahsulotlariga ham daxldor. Go‘sht, don mahsulotlari, meva va sabzavotlar ham boshqa davlatlardan olib kiriladi.
Bosh vazir mas'ul shaxslarga tegishli ko‘rsatmalar berib, belgilangan muddatlarda milliy iqtisodiyotni himoya qilish borasida choralar ko‘rishga chaqirdi. Xususan, import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarishni kuchaytirish va mahalliy tovarlarni chet elga eksport qilishni rivojlantirish bo‘yicha doimiy komissiya tuzish topshirildi.