Jahon | 09:52 / 27.08.2015
2932
2 daqiqa o‘qiladi

Virjiniyada jurnalist o‘z hamkasblarini otishi "nafrat jinoyati" sifatida baholanmoqda

26 avgust kuni AQShning Virjiniya shtatida WDBJ7 telekanalining 2 nafar xodimini jonli efir vaqtida otib tashlagan boshqa bir jurnalist Vester Li Flanagan o‘z joniga qasd qilishdan oldin o‘zining bu qilmishi sabablari haqida ABC News nashriga ma'lum qilishga ulgurgan.

Ma'lum bo‘lishicha, qora tanli Flanagan AQShda o‘ziga nisbatan doimiy ravishda irqchilik munosabatlaridan aziyat chekkan. U WDBJ7 telekanalining sobiq xodimi bo‘lib, o‘z vaqtida o‘zi bilan ishlagan boshqa xodimlar ham unga nisbatan irqchilik kayfiyatida bo‘lishgan.

Biroz oldinroq, Flanagan o‘zini otgach, olgan jarohati tufayli shifoxonada jon taslim qilgani ma'lum qilingandi.
U o‘zini otishdan oldin ijtimoiy tarmoqlar orqali qotillikni amalga oshirish sahnasini tasvirlovchi videoni tarqatgan.

Eslatib o‘tamiz, 26 avgust kuni WDBJ7 telekanali muxbiri 24 yoshli Elison Parker va shu telekanalda fotomuxbir bo‘lib ishlagan 27 yoshli Adam Uord telekanalning sobiq xodimi Vester Li Flanagan tomonidan jonli efir vaqtida otib tashlandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish