Jahon | 19:04 / 27.08.2015
3088
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda soxta Goldman Sachs banki paydo bo‘ldi

Bloomberg jurnalistlari Xitoyda AQShning Goldman Sachs kredit tashkilotiga umuman aloqasi bo‘lmagan Goldman Sachs nomli bankni aniqlashdi. Aniqlangan bank nomlanishida AQSh banki logotipidagi kabi shriftlardan foydalanilgan va uning nomining aynan o‘zi lotin va xitoy yozuvidagi shriftlarda yozilgan.

Xitoydagi Goldman Sachs nomlanishida qavs ichida Shenchjyen – uning qarorgohi joylashgan shahar nomi yozib qo‘yilgan. Shu bilan bir vaqtda ikkala bankda ham ularga nomlanishdagi bir xillik borasida birinchi bor murojaat qilinayotganini aytishgan.
Xitoydagi soxta Goldman Sachs banki haqida AQSh kazinolar xodimlari kasaba uyushmasi Xitoy hukumatiga Makaodan bo‘lgan o‘yin magnati Chen Chi-Tayning tuzilmalari ustidan shikoyat qilganlaridan keyin ma'lum bo‘lgan. Chi-Tay ayni paytda Xitoy jinoiy guruhlari – triadalar bilan aloqadorlikda ayblanib, sudlanishini kutmoqda. Bank shu magnat bilan bog‘langan deb hisoblanmoqda.

Avvalroq Xitoy janubida China Construction Bank’ning (Xitoyning eng yirik to‘rtta banklari qatoriga kiruvchi kredit tashkiloti) soxta bo‘limi ochilgani ma'lum qilingandi. Ushbu holat yuzasida noqonuniy bank faoliyati bilan shug‘ullanganlik uchun Shandun viloyatining 39 yoshli fuqarosi hibsga olingan.

O‘tgan asrning 80-yillaridan boshlab ko‘pchilik xitoylik tadbirkorlar o‘zgalarning brendlaridan noqonuniy nusxa ko‘chirgan holda faoliyat yuritib keladilar. Ko‘pincha bunday qalbaki mahsulotlar nomlanishida biroz o‘gartirish yoki umuman hech qanday o‘zgartirishsiz chiqariladi. Boz ustiga bunday qalbaki mahsulotlar asl mahsulotlardan bir necha barobar arzon turadi.