Yolg‘iz keksalar va nogironlarga berilayotgan oziq-ovqat va gigiyena mahsulotlari 15taga ko‘paytiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 10 avgustdagi «Keksalar va nogironlarni manzilli ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga binoan, O‘zbekistonda har oyda yolg‘iz keksalar va nogironlarga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyena tovarlari 9tadan 15 tagacha ko‘paytiriladi. Bu haqda 26 avgust kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi matbuot anjumanida ma'lum qilindi.
Shuningdek, yordam oluvchiga jami mahsulotlarning umumiy narxidan oshib ketmagan holda mahsulot va tovarlar turi hamda miqdorini tanlash huquqini beriladi. Masalan, keksa kishi beriladigan barcha tovarlar bahosi miqdorida faqat o‘ziga kerak bo‘lgan yorma va shakar olishi mumkin.
Vazirlik press-relizida qayd etilganidek, chetdan parvarishga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogiron kishilar keng qamrovli ro‘yxatdagi ijtimoiy xizmatlar va yordamni olish huquqiga ega shaxslar hisoblanadi. Ularga har oyda oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur tovarlar to‘plami yetkaziladi, doimiy tarzda — haftasiga bir marta — uylari supurib-sidirilib, ovqati pishirib beriladi, boshqa ijtimoiy-maishiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Bunday toifadagi kishilarning salomatligi har yili bir marta davlat hisobidan sanatoriylarda mustahkamlanadi, dori vositalari bilan bepul ta'minlanib, boshqa ko‘plab imkoniyatlarga ega bo‘ladi.